Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) O‘zbekiston Prezidentligiga O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish haqida qaror qabul qildi. Qaror partiyaning 19-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan VIII syezdida qabul qilingan.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan 300 ga yaqin delegat qatnashgan.
Syezdda Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qilgan.
Syezd qaroriga ko‘ra, O‘zLiDeP qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Prezidentligiga partiya nomzodini ro‘yxatga olishni so‘rab Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etadi.
Avvalroq O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Hotamjon Ketmonovni, “Adolat” SDP Narimon Umarovni, “Milliy tiklanish” partiyasi esa Sarvar Otamuratovni O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatgani haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti saylovi 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)