AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Kriminal surishtiruv xizmatining sobiq xodimi 47 yoshli Jon Bertran Belayvo 14-oktabr, juma kuni shov-shuvli “semiz Leonard” korrupsiya ishi bo‘yicha 12 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Boshqarmaning ma’lum qilishicha, Kaliforniya shtatining janubiy okrug sudi Belayvo Singapurning Glenn Defence Marine Asia firmasining egasi, “semiz Leonard” laqabi bilan mashhur Leonard Glenn Frensisga maxfiy ma’lumotni yetkazib, qonun buzganligini aniqladi.
Belayvo pora evasiga Frensisga firibgarlik qilish chog‘ida Amerika huquq-tartibot tizimining e’tiboriga tushmaslik usullari haqida ma’lum qilgan. Sudya Janis Sammartino Belayvoga qamoq jazosidan tashqari, flotga tovon puli tariqasida 20 million dollar to‘lash majburiyatini yukladi.
Glenn Defence Marine Asia chorak asr davomida Osiyo portlarida AQSh kemalariga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan. Biroq 2013-yilda uning rahbariyatiga AQSh rasmiylarining savollari yuzaga kelgan. Tergov davomida Frensis flot qo‘mondonligidagi aloqalaridan foydalanib, AQSh harbiy va suvosti kemalarining harakatlanish yo‘nalishlari haqida ma’lumot olganligi aniqlangan. Bundan tashqari, uning sheriklari kemalarni uning nazorati ostida bo‘lgan portlarga yo‘naltirishga yordam bergan.
“Semiz Leonard” 2013-yilda AQShda maxsus xizmatlar tomonidan hibsga olingan.
Izoh (0)