“Poytaxt” biznes markazida Toshkent zilzilasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi seysmologiya instituti tashkil topganining 50 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonaviy seysmologiyaning dolzarb muammolari — TASECO 2016” xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Bu haqda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi xabar bermoqda.
Tadbir Fanlar Akademiyasi, seysmologiya instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi va falokatlarga tayyorgarlik bo‘yicha Dastur ko‘magida tashkil etildi.
Konferensiyada dunyoning 20 mamlakatidan kelgan mutaxassislar ma’ruzalar va taqdimotlari bilan qatnashadi. Seysmik xavfni baholashning oxirgi natijalari, zilzilani bashorat etish muammolari, seysmik xatarni pasaytirish masalalari va seysmologiyaning boshqa qator muhim muammolari muhokama qilinadi, tajriba almashinadi.
Mutaxassislar xorijiy hamkasblar bilan uchrashuv chog‘ida dunyoda, Markaziy Osiyo mintaqasi va O‘zbekiston hududida seysmik holatni yanada kengroq o‘rganish va tahlil qilishni talab qiluvchi seysmologiyaning zamonaviy bosqichdagi eng dolzarb muammolarini ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda seysmologik monitoringning zamonaviy tarmog‘i 60 dan ortiq kuzatuv punktlari, jumladan, 45 ta raqamli seysmik stansiya va zilzila geofizik, gidrogeokimyoviy va geodinamik darakchilari kompleksini monitoring qilishning 15 ta birlashgan markazlaridan tashkil topgan.
Izoh (0)