Madridning “Real” klubi yarim himoyachi Toni Kroosga 2022-yilgacha mo‘ljallangan yiliga 20 million yevrolik shartnoma taklif qiladi va uni futbol tarixidagi eng ko‘p maosh oluvchi germaniyalikka aylantiradi. Bu haqda Germaniyaning Bild nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
26 yoshli futbolchining Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2020-yilda o‘z nihoyasiga yetadi. Unga ko‘ra, Kroosning yillik maoshi 10,9 million yevroni tashkil etadi. Yarim himoyachi yangi shartnomadan 120 million yevro ishlab olishi ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda “Bavariya” hujumchisi Tomas Myuller eng ko‘p maosh oluvchi germaniyalik futbolchi hisoblanadi. Uning yillik maoshi 15 million yevroga teng. Keyingi o‘rinlarni mos ravishda “Manchester Yunayted” xavbeki Bastian Shvaynshtayger (14 million yevro) va “Manchester Siti” a’zosi Ilkay Gyundogan (12 million yevro) egallagan.
Ma’lumot uchun, 2014-yili “Bavariya”dan 30 million yevro evaziga “Real”ga kelib qo‘shilgan Kroos madridliklar safida 108 o‘yinda ishtirok etib, 4 ta gol kiritgan.
“Qirollik klubi” safida Toni Kroos Chempionlar Ligasi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va ikki marta Yevropa Superkubogi g‘olibi bo‘lgan.
Izoh (0)