Butun Rossiya va Yevropa sambo federatsiyasi prezidenti Sergey Yeliseyev Rossiya Aralash janglar san’ati (MMA) ittifoqi rahbari Fyodor Yemelyanenkoni “Axmat” jang klubi a’zolari bilan mojaroda qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “Chempionat” xabar bermoqda.
“Yakkakurashlar muxlislari Fyodor Yemelyanenko himoyasiga petitsiya tashkil qildi. Tashkil qilingan birinchi soatning o‘zida petitsiya 47 ming imzo to‘pladi. Fyodor Yemelyanenkoni qo‘llab-quvvatlash bizning burchimiz. Axir u birinchi navbatda Rossiya sambosining kuchi va haqiqiy rus o‘g‘lonining xarakterini butun dunyoga ko‘rsatgan buyuk sambochi. Umid qilamizki, mojaroning ikki tomoni o‘zaro kelishuvga erishib, bir-biriga qo‘l uzatadi. Axir ular bitta ish – sportni rivojlantirish bilan shug‘ullanmoqda”, – deb yozdi Yeliseyev Facebook’dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Fyodor Yemelyanenko 4-oktabr kuni Grozniy shahrida o‘tkazilgan Grand Prix Akhmat 2016 aralash janglar turnirida yosh bolalar ishtirokini tanqid qilgandi.
Keyinroq “Axmat” klubi prezidenti Abuzayd Vismuradov Rossiya MMA rahbarining ushbu masala yuzasidan tanqid qilishga haqqi yo‘q ekanini aytgandi.
Shuningdek, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Yemelyanenkoning tanqidiga o‘z munosabatini bildirgan edi.
Izoh (0)