O‘zbek Milliy akademik drama teatrining yangi 102-ijodiy mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirga ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, teatr fidoyilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, san’at muxlislari taklif etildi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Teatr jamoasi ilk bor 1945—1948-yillarda Uyg‘un va Izzat Sulton asari asosida “Alisher Navoiy” spektaklini namoyish etgan. Ushbu dramaga teatr ijodiy jamoasi qayta-qayta murojaat etib, mazkur asar bir necha marta sahna yuzini ko‘rdi.
Spektaklda Navoiy rolini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov, Guli rolini Dilnoza Kubayeva ijro etmoqda. Shuningdek, asosiy rollarda O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Muhammadali Abduqunduzov, Saidkomil Umarov va boshqa artistlar o‘ynamoqda. Rang-barang sahna bezaklari, o‘sha davrni aks ettirishga xizmat qiluvchi dekoratsiyalar, lazerli yoritish texnologiyalari spektaklning ta’sirchanligini oshirish imkonini berdi. Spektaklda bastakorlar Ikrom Akbarov, Nurilla Zokirov, Mustafo Bafoyev, Rustam Abdullayev asarlaridan keng foydalanilgan.
Izoh (0)