Yengil atletika bo‘yicha AQSh ayollar terma jamoasiga Rio–2016 o‘yinlarining 4x100 metrga yugurish estafetasini qayta yugurishga imkon berildi. Bu haqda Xalqaro yengil atletika assosiatsiyalari federatsiyasi (IAAF) ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Saralash bahslarida amerikalik sprinterlar estafeta tayoqchasini tushirib qo‘ydi va asosiy guruhdan 20 soniya ortda qolib, so‘nggi o‘rinni egalladi. IAAF’ning apellyatsion hakamlar guruhi vaziyatni qayta ko‘rib chiqdi va tayoqcha tushib qolgan vaqtda raqiblar bilan kichik to‘qnashuv bo‘lganini xulosa qildi hamda AQSh termasini aybsiz deb topdi.
4x100 metrga yugurish estafetasining final bosqichiga chiqish uchun amerikalik yengil atletikachi qizlar 42,70 soniya bilan sakkizinchi natijani qayd etgan xitoyliklardan yaxshiroq yugurishi kerak bo‘ladi.
Ushbu yo‘nalishda Yamayka, Trinidad va Tobago, Buyuk Britaniya, Ukraina, Kanada, Germaniya va Nigeriya ayollar terma jamoasi final bosqichiga yo‘llanmani naqd qilib bo‘ldi.
AQSh ayollar terma jamoasi 4x100 metrga yugurish estafetasida amaldagi chempion hisoblanadi.
Izoh (0)