25 yil avval kanadalik rassom er-xotin o‘z san’ati yordamida ko‘chmas mulk uchun yetarli mablag‘ to‘play olmasligini anglab yetdi. Shunda ular uni o‘z qo‘llari bilan barpo etishga qaror qildi, natijada bog‘ bilan o‘ralgan noodatiy orol uy paydo bo‘ldi, deb yozadi National Geographic.
Ketrin King va Ueyn Adams yaratgan orol uy “Erkinlik ko‘rfazi” (Freedom Cove) deb nom oldi. U Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida joylashdi. Qayiqda eng yaqin shaharga 45 daqiqada yetib borish mumkin.
Ueyn barchasini nafaqat o‘z qo‘llari bilan, balki elektr asboblardan foydalanmagan holda faqat arra va bolg‘a yordamida qurdi. Qurish ishlari 1992-yilda boshlangan bo‘lib, endilikda 12 ta o‘zaro birikkan suzuvchi platformalarda yorqin ranglarga bo‘yalgan turar joy va xo‘jalik binolari, shuningdek, bog‘, ustaxona, haykallar, badiiy galereya va raqs maydonchasi joylashdi. Bir metr maydon ham tejamkorlik bilan ishlatildi, masalan, mayoq bir vaqtning o‘zida dush xonasi hamdir.
Erkinlik ko‘rfazi ekologik toza hayotning mukammal namunasidir: uy egalari barcha chiqindilarni qayta ishlaydi va oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zlari yetishtiradi, suvni yozda qirg‘oqdagi sharsharadan, qishda qor va yomg‘irdan oladi, elektr toki esa quyosh panellari orqali olinadi.
Er-xotin o‘z orollarida doimiy yashab, u yerda ikki farzandini katta qildi. Ular esdalik sovg‘alari va san’at asarlari yasaydi, kitob va musiqa yozadi, raqs tushadi va sayyohlik biznesi bilan shug‘ullanadi. Iyundan sentabrgacha Erkinlik ko‘rfaziga turlar uyushtiriladi; mehmonlar manzaralardan bahramand bo‘lgan holda, jim-jitlikda yashab ko‘rishi, qayiq yoki kayakni ijaraga olishi mumkin.
Ketrin va Ueyn tabiat qo‘ynidagi hayotidan juda mamnun. Albatta, yirtqichlar tufayli tovuq boqa olmaslik, suv qunduzlaridan konstruksiya yaxlitligiga zararlar yetishi kabi muammolar ularning hayotida paydo bo‘lib turadi, ammo bu tabiatni hayvonot dunyosi vakillari bilan bo‘lishish uchun to‘lanadigan mantiqiy to‘lovdir.
Izoh (0)