Amerikaning Moon Express xususiy kompaniyasi tannarxi 10 million dollardan kam bo‘lgan ekspeditsiyani Oyga jo‘natishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya asoschilaridan biri va boshqaruv raisi Navin Jayn Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Jon Kennedi (AQShning 35-prezidenti) so‘zlarini boshqacharoq talqin qilsak, Oyni u yerga borish osonligi uchun emas, foydali biznes ekanligi uchun tanlayapmiz. Oyda qiymati 16 kvadrillion dollar bo‘lgan minerallar mavjud. Avvallari Oyga uchish uchun milliardlab dollarlar kerak bo‘lardi, hozir esa Yerning sun’iy yo‘ldoshiga borish uchun bizning ekspeditsiya 10 million dollardan kam bo‘ladi”, – dedi Navin Jayn.
Avvalroq Moon Express AQSh hukumatidan 2017-yili Oyga ekspeditsiya jo‘natish uchun ruxsat olgandi.
Ayni damda Vashington Oyni o‘zlashtirish rejasi doirasida xususiy kapital bilan hamkorlikka urg‘u bermoqda. Xalqaro kosmik stansiyasiga yuklarni tashuvchi Dragon havo kemasini yaratgan SpaceX va boshqa kompaniyalar ham Moon Express ortidan ergashadi.
Izoh (0)