Misr terma jamoasi Kolumbiyadagi Jahon Chempionatining “B” guruhidan joy olgan bo‘lib, 2012-yilgi mundial mezboni Misr, Yevropa vitse-chempioni Rossiya, shuningdek, Kubaga qarshi kurash olib boradi.
Misr terma jamoasi jahon arenasida o‘z so‘zini aytishga ulgurmagan bo‘lsada, bu borada sekin-asta tajriba to‘plab kelayotgan jamoalar sirasiga kiradi.Kolumbiyaga yo‘l
Misr terma jamoasi Afrika qit’asi uchun berilgan uchta yo‘llanmadan biriga ega chiqish uchun asosiy nomzod bo‘lib turgandi. Ishtaha ovqat vaqtida keladi deganlaridek, misrliklar bir yo‘la Afrika Millatlar Kubogida zafar quchib qo‘ya qolishdi.
“Firavnlar” guruh bosqichini ortiqcha qiyinchiliksiz bosib o‘tishdi. Avvaliga Marokash va Angola taslim etildi, eng so‘nggida esa Liviya mahf etildi.
Yarim final bosqichida Zambiya ustidan qozonilgan g‘alaba Misrni Jahon Chempionati ishtirokchisiga aylantirdi. O‘yin og‘ir kechdi va yakunda hisob 5:4 ko‘rinishini oldi. Final uchrashuvida Marokashga qarshi ikkinchi qayta zalga chiqqan misrlik futzalchilar 3:2 hisobida g‘olib chiqishdi va qora qit’ada tengsiz ekanliklarini isbotlashdi.
Jamoa haqida
So‘nggi Jahon Chempionatida ishtirok etgan futbolchilarni birdaniga almashtirib bo‘lmasdi. Buni ongli ravishda tushunib turgan murabbiy Hesham Solih, mundial ko‘rgan yigitlar qatoriga yosh iqtidorlarni qo‘shib, puxta aralash tarkibga asos sola oldi.Tajribali futbolchilar — Mustafo Nodir va hujumchi Mizo jamoaning o‘yin uslubini belgilab beradi. Ularsiz Misr terma jamoasini to‘kis tasavvur qilish qiyin. Abdulrahmon Iyd Muavad, Xolid Abdulla Muhammad, Mustafo Iyd Muhammad kabi talantli yoshlarning qo‘shilishi esa haqiqiy jamoani shakllantirdi.
Ha, aytgancha, Mustafo Iyd Muhammad Afrika Millat Kubogida 9 ta gol urib, bir qator mutaxassislarni o‘ziga rom aylagandi.
Mundiallar tarixi
Misr terma jamoasi mundiallardagi ishtirokini 1996-yilda boshlagandi. Biroq bunga qadar Afrikaning ikki terma jamoasi Jahon Chempionatini ko‘rib ulgurgan. 1988-yil Zimbabve yirik festivalga tashrif buyurgan bo‘lsa, oradan to‘rt yil o‘tib Nigeriya shunga muvaffaq bo‘lgandi.Nigeriya va Zimbabvedan farqli o‘laroq, Misr terma jamoasi uchun mundial chorak finallari begona emas. 2000-yilgi Jahon Chempionatida Misr o‘z guruhini Gollandiyadan keyin 2-o‘rinda yakunladi va navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Oradan to‘rt yil o‘tib esa guruhda uchinchi bo‘ldi.
2012-yil Tailandda bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida Misr guruhda 3-o‘rinni olgan eng yaxshi jamoasi sifatida nimchorak finalda o‘ynadi, biroq Italiyadan yengildi.
Misr haqida yaxshiroq tasavvurga ega bo‘lib olish uchun, jamoaning to‘rt karra Afrika chempioni ekani haqida o‘ylashning o‘zi kifoya.
Izoh (0)