Olimpiada va Paraolimpiya o‘yinlari vaqtida Braziliyadagi diplomatik muassasalari xavfsizligini ta’minlash masalasini yanada kuchaytirishni so‘rab Fransiya Braziliya hukumatiga murojaat qildi.
Bu haqda Folha de São Paulo nashri o‘zining chorshanba kungi sonida ma’lumot berdi, deb yozdi “TASS”. Bunda gap Fransiyaning Braziliadagi elchixonasi, Rio-de-Janeyro, San-Paulu, Baiya, Resifi shtatlaridagi konsullik byurolari, diplomatlar farzandi tahsil oladigan oltita umumta’lim maktabi hamda 68 ta fransuz tili markazlari haqida bormoqda.
Fransiya hukumati Olimpiada va Paraolimpiya o‘yinlari vaqtida bu muassasalar terrorchilik hujumi ostida qolishi mumkinligidan o‘z xavotirini bildirgan.
14-iyul kuni Fransiyaning Nitssa shahrida yuk mashinasi mamlakat milliy bayramini nishonlayotgan minglab kishilar ustiga bostirib borishi natijasida 84 nafar inson olamdan ko‘z yumgan, yana 200 nafardan ortiq kishi jarohatlangandi. Bu voqeadan keyin Braziliya mudofaa vaziri Raul Jungmann bayonot berib, Olimpiada o‘yinlari vaqtida xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilishini ma’lum qilgandi.
XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari 5-avgust kuni start olib, 21-avgustga qadar davom etadi. Bu Janubiy Amerikada tashkil etilayotgan birinchi olimpiya o‘yinlaridir. Paraolimpiya o‘yinlari esa 7—18-sentabr sanalarida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)