Kanadaning Ontario provinsiyasidagi fermalardan birida parranda grippi virusi aniqlanganligi tufayli 14 mingga yaqin o‘rdak yo‘q qilinadi. Bu haqda CTV telekanaliga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Kanada oziq-ovqat nazorati agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, H5N2 virusi Torontodan 112 kilometr uzoqlikda joylashgan Sent-Katarins shahri yaqinidagi qush fermasida aniqlandi. Ferma atrofida radiusi 3 kilometrlik karantin zonasi o‘rnatildi.
So‘nggi o‘n yil ichida parranda grippining avj olish holati to‘rtinchi marta kuzatilmoqda. Birinchi marta xavfli virusning Kanadada aniqlanishi 2004-yilda qayd etilgan. O‘shanda Britaniya Kolumbiyasida 15 million, deyarli barcha uy parrandasi yo‘q qilingandi.
A toifasidagi (H5N1) parranda grippi ovqat hazm qilish organlari va nafas yo‘llariga zarar yetkazuvchi, o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan virus hisoblanadi. Odam ushbu virus bilan zararlangan qush bilan aloqada bo‘lsa kasallik unga yuqadi. H5N1, H7N9 va H10N8 viruslari eng xavflisi sanaladi.
Izoh (0)