Islom Karimov Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevga mamlakat BMT Xavfsizlik kengashining 2017—2018-yillardagi doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston prezidenti o‘z tabrigida global tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha vakolatlar yuklangan nufuzli organdagi a’zolik dunyo hamjamiyati tomonidan Qozog‘istonning xalqaro sahnadagi yuksak obro‘si e’tirof etilganidan dalolat berishini ta’kidladi.
“Xavfsizlik kengashidagi faoliyati davomida Qozog‘iston BMT institutlari va organlarini takomillashtirish, xalqaro tashkilotning umumiy barqarorlik va rivojlanishni ta’minlash borasidagi o‘rni mustahkamlanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shishiga chuqur ishonch bildiraman”, — deyiladi telegrammada.
Islom Karimov Nursulton Nazarboyevga mustahkam sog‘lik va ishlarda rivoj, do‘st Qozog‘iston xalqiga farovonlik, mamlakat kelgusida yanada gullab-yashnashini tiladi.
Izoh (0)