“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi paxta tozalash korxonalari va tayyorlov maskanlarida fermer xo‘jaliklaridan keltirilayotgan paxta xomashyosini to‘g‘ri va tezkor o‘lchash, sifatli tekshirish hamda qabul qilish maqsadida zamonaviy elektron tarozilarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mutaxassislarining ta’kidlashicha, paxta elektron tarozilarda tortilganda “inson omili”ning ta’siri tufayli obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra, xatolar ehtimoli bartaraf etiladi, noqonuniy xatti-harakatlarga barham beriladi, fermer xo‘jaliklari tomonidan keltirilgan paxtani o‘lchash vaqti kamayadi, aniqligi oshadi, shaffoflik ta’minlanadi, xomashyoning sifat ko‘rsatkichlari borasidagi tezkor ma’lumotlar olinadi.
Tayyorlov punktlarida fermer xo‘jaliklaridan transport vositasida olib kelingan paxta xomashyosining sanoat navi, namlik va ifloslik darajasi instrumental usulda aniqlanadi va qabul qilish uch zonali tizim bo‘yicha amalga oshiriladi:
1-zona — Namuna olish. Bu yerda namuna oluvchi xodim O‘zbekiston “Sifat” markazi va Fermerlar kengashi vakili guvohligida keltirilgan paxtadan namuna oladi. Birlashtirilgan namunalar bo‘yicha paxtaning standart talablari va “yo‘riqnoma” bo‘yicha paxtani qabul qilish mumkinligi, tashqi ko‘rinishi bo‘yicha sanoat navi etalonga taqqoslanib, organoleptik usulda aniqlanadi.
2-zona — Operator. Bu yerdagi elektron tarozida paxtaning brutto og‘irligi aniqlanadi va fermerning plastik kartasiga tushiriladi, yuk xati rasmiylashtiriladi. Bo‘shatilgan transport vositasining tarasi chiqarilib, natijasi aniqlanadi. Ma’lumot to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompyuter orqali tabloga va Markaziy tarmoqqa uzatiladi.
3-zona — Dispetcher. G‘aram maydonlariga hamda omborxonalarga paxta tushiriladi va partiyalarga joylashtiriladi.
2016-yilda yetishtirilgan paxta hosilini to‘g‘ri va tezkor o‘lchash, sifatli tekshirish hamda qabul qilish maqsadida zamonaviy elektron tarozilarni o‘rnatish ishlari joriy yilning 1-avgustigacha, ya’ni yangi yig‘im-terim mavsumi boshlanguniga qadar respublikadagi barcha paxta tozalash korxonalari va tayyorlov maskanlarida o‘rnatiladi.
Izoh (0)