Tesla Model S avtomobili birinchi marta o‘limga olib kelgan yo‘l-transport hodisasiga uchradi. AQSh Harakat xavfsizligi milliy boshqarmasi (NHTSA) ushbu hodisa yuzasidan surishtiruv ishlarini boshladi, deb xabar bermoqda “Vc.ru”.
YTH shu yilning 7-may kuni, shimoliy Floridada sodir bo‘ldi. Model S avtomobili shosse bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtida yuqori yorug‘lik tufayli yuk mashinasining tirkamasi tagiga old qismi bilan kirib ketgan. Buning oqibatida 40 yoshli Joshua Braun halok bo‘ldi. Tesla vakillarining qayd etishicha, agar avtomobil tirkamaning oldi yoki orqa qismiga urilganida, xavfsizlik vositalari haydovchining jonini saqlab qolishi mumkin edi.
Osmonning yorqin fonida haydovchi ham, avtopilot ham tirkamaning oq qismini ko‘rmagan va shu sababli tormoz ishlatilmagan. Kompaniyaning aytishicha, avtopilot rasman test jarayonini o‘tkazmoqda. Mashinani boshqarishda asosiy mas’uliyat haydovchida qoladi.
Tesla vakillari ushbu hodisa yuzasidan barcha ma’lumotni NHTSA’ga topshirdi. Boshqarma bo‘lib o‘tgan voqeada avtopilot o‘zini to‘g‘ri tutgan-tutmaganini baholaydi va Tesla avtomobillari chaqirtirib olishi kerak yoki kerak emasligini aniqlaydi.
Tesla va kompaniya rahbari Ilon Mask vafot etgan haydovchining oilasiga hamdardlik bildirdi.
Izoh (0)