Bugungi kunda 2016/17-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ketmoqda. “Xushnudbek.uz” saytining ma’lum qilishicha, DTM saytida abituriyentlar uchun maxsus sahifa ishga tushdi. Mazkur sahifada OTMlarga hujjat topshirayotgan abituriyentlarning soni real vaqtda nechta bo‘lganligini kuzatish mumkin.
Shuningdek, ushbu sahifada respublikadagi barcha OTMlarning yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari ham ko‘rsatilgan.
Joriy yilda bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi bo‘limlarga umumiy qabul kvotasi 57 907, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 19 120 va to‘lov-kontrakt asosida 38 787 nafar miqdorida belgilangan.
“Ushbu xabar kiritilayotgan vaqtda hujjat topshirgan abituriyentlar soni butun respublika bo‘ylab, 35 932 nafarni tashkil qilmoqda”, – deyiladi “Xushnudbek.uz” saytidagi xabarda.
Xabar chop etilayotgan vaqtda respublika bo‘yicha Andijon davlat universitetiga eng ko‘p – 3965 nafar abituriyent hujjat topshirgani qayd etilgan.
Qayd etish kerakki, o‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etilgan edi. Ya’ni, 600 ming nafardan ko‘proq abituriyent talabalik baxtiga musharraf bo‘lish uchun o‘z omadini sinab ko‘rishga ahd qilgan edi. Bu bir o‘rin uchun o‘rtacha 10,45 kishi da’vogarlik qilgan deganidir.
Izoh (0)