Rio-de-Janeyro shahri meri Eduardo Paes kecha, 26-iyun kuni Rio–2016 o‘yinlari Ijroiya qo‘mitasiga Olimpiada uchun qurib bitkazilgan so‘nggi Olimpiya obyekti — velodromning ramziy kalitini topshirdi. Ochilish marosimida Braziliya sport vaziri Leonardu Pisiani, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi vakillari va sportchilar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Nazarimda hammasi yaxshi bo‘ldi, mening ko‘nglim to‘q. Shunga qaramay, ba’zi narsalarni oxiriga yetkazish kerak. Lekin obyektning musobaqa bo‘lib o‘tadigan asosiy qismi yaxshi qilingan. Hozirda braziliyalik va shveysariyalik sportchilar trekni sinovdan o‘tkazmoqda”, — dedi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijrochi direktori Kristof Dubi.
Rio-de-Janeyro shahri rasmiylari uchun Olimpiya velodromi eng muammoli obyekt bo‘ldi. U Olimpiada o‘yinlari tashkilotchilariga 6 oylik kechikish bilan topshirildi. Velodromning dastlabki sinov jarayoni shu yilning 18–20-mart kunlari bo‘lib o‘tishi kerak edi. Obyektni qurish uchun shartnoma olgan Tecnosolo kompaniyasi bankrotga uchradi va shahar rasmiylari o‘zaro kelishuvni bekor qildi. Natijada velodromning qurilishi obyektda pudratchi bo‘lib ishlagan Engetecnica kompaniyasiga topshirildi. Olimpiya velodromining barpo etilishi uchun 42 million dollar sarflandi.
Eslatib o‘tamiz, Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari 5–21-avgust, Paralimpiya o‘yinlari esa 7–18-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)