Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdagi a’zoligi masalasida yangi referedum o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlangan petitsiyadan taxminan 77 ming soxta imzo olib tashlandi. Bu haqda parlamentning petitsiyalar bo‘yicha qo‘mitasi ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Biz hujjatga firibgarlik yo‘li bilan qo‘shilgan 77 mingga yaqin imzoni chiqarib tashladik. Petitsiya shubha uyg‘otishi mumkin bo‘lgan harakatlardan xoli bo‘lishini kuzatishda davom etamiz”, — deya ta’kidlangan qo‘mita xabarida. Oldinroq mazkur qo‘mita raisi Xelen Jons petitsiyadagi aksariyat imzolar soxtalashtirilgani haqidagi da’volar munosabati bilan tekshiruv boshlangani haqida bildirgandi.
Yangi referendum o‘tkazish zarurati to‘g‘risidagi petitsiya Buyuk Britaniya tarixida eng ommaviysi bo‘ldi: oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, chiqarib tashlangan imzolarni ham inobatga olganda hozirgacha uni 3,272 million kishi imzoladi.
Izoh (0)