Angliyalik sobiq futbolchi Devid Bekhem va yozuvchi Joan Rouling Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi a’zoligini saqlab qolish tarafdorlarini qo‘llab-quvvatladi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
“Biz dinamik va bir-birimizga bog‘langan hamda kuchimiz birdamlikda bilinadigan dunyoda yashaymiz. Farzandlarimiz va ularning farzandlari kelajagi uchun biz global muammolarni yolg‘iz emas, bir-birimizga xabar bergan holda hal qilishimiz kerak. Shu sababli men Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqida qolishiga ovoz beraman”, — deb yozdi Bekhem Facebook’dagi sahifasiga.
“Men Madrid, Milan, Parij shaharlarida Yevropa va jahonning ko‘plab futbolchilari bilan o‘ynashga muyassar bo‘lganman. Bu shaharlar ajoyib va ularning ehtirosli muxlislari meni va oilamni iliq kutib olgan hamda o‘ziga xos madaniyatidan bahra olishga imkon bergan”, – deya qo‘shimcha qildi sobiq futbolchi.
O‘z navbatida Buyuk Britaniya adabiyoti tarixida kitoblari eng ko‘p sotilayotgan Joan Rouling o‘zining saytida dunyodagi siyosatni keskin qoraladi. Yozuvchining tanqidi, ayniqsa, AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga yo‘llangan edi. Shuningdek, u Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishi kerak deb hisoblaganlarga katta afsus bildirdi.
Avvalroq Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqida qolishini aktyor Benedikt Kamberbetch, aktrisa Xelena Bonem Karter, xonanda Elton Jon va boshlovchi Jeremi Klarkson qo‘llab-quvvatlagandi. Aktyorlar Maykl Keyn va Jon Kliz, “Arsenal” sobiq futbolchisi Sol Kempbell hamda The Who guruhi yakkaxoni Rojer Doltri Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi kerak deb hisoblaganlar tarafdori bo‘ldi.
Izoh (0)