Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nigina Sharipova Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etib, Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi uchun belgilangan me’yorni bajardi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
200 metr masofaga yugurish bahslarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchi belgilangan masofani 23,17 soniyada bosib o‘tib (me’yor 23,20 soniya), kumush medal bilan birga Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yana bir yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Avvalroq Nigina Sharipova shu yilning may oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada 100 metr masofaga yugurish bahslarida 11,31 soniya (me’yor 11,32 soniya) natija qayd etib, Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olgandi.
21-iyun holatiga ko‘ra, o‘zbekistonlik yengil atletikachilar tomonidan Olimpiada o‘yinlariga 16 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi. 16 ta Olimpiada yo‘llanmalari bo‘yicha 14 nafar o‘zbekistonlik sportchi Rio—2016 Olimpiadasida ishtirok etadi. Sitora Hamidova (42 195 va 10 000 metr) hamda Nigina Sharipova (100 va 200 metr) ikki xil masofaga yugurish musobaqalarida qatnashish uchun yo‘llanma olgan.
Izoh (0)