“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati “Faol yoshlar maktabi” tajriba-sinov loyihasini e’lon qildi. Bu haqda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi “Daryo” nashriga xabar berdi.
“Faol yoshlar maktabi” a’zoligiga oliy ta’lim muassasalari talabalari va uyushmagan, 18–30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qabul qilinishi mumkin.
Maktab a’zoligiga da’vogar talaba anketani topshirish vaqtida uning oliy ta’lim muassasasidagi so‘nggi o‘quv semestrida umumiy o‘zlashtirishi 80 foiz va undan yuqori bo‘lishi shart.
Maktab a’zolarini o‘zlari ta’lim olayotgan yo‘nalishi, mutaxassisligi, tajribasi va qiziqishidan kelib chiqib, quyidagi guruhlariga ajratiladi: yosh ijodkorlar, yosh huquqshunoslar, yosh olimlar, yosh jurnalistlar, AKT mutaxassislari, yosh psixologlar, yosh ma’naviyatchilar va yosh tadbirkorlar.
Shuningdek, maktab a’zolarining qiziqishi va talablaridan kelib chiqib qo‘shimcha yo‘nalishlar joriy etilishi mumkin.
Maktab a’zolari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular tomonidan ishlab chiqilgan yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish uchun Markaziy Kengash tomonidan 5 million so‘mgacha (ish haqi va ovqatlanish uchun mablag‘ ajratilmaydi) miqdorda mablag‘ ajratilishi mumkin.
Izoh (0)