Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati o‘yinlarining 99 foiz chiptasini sotib bo‘ldi. Bu haqda tashkilotning tadbirlar bo‘yicha ijrochi direktori Martin Kallen turnir startiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“99 foiz chipta sotildi. 8 mingga yaqin chipta cheklangan o‘yinlar uchun qoldi”, – dedi Kallen.
Martin Kallen, shuningdek, stadionlarning o‘yinlar o‘tkazilishiga tayyor ekanini hamda xavfsizlik choralari ko‘rilganini ma’lum qildi.
“Biz Lill, Marsel va Nitssadagi maydonni o‘zgartirdik. Hozir ular yaxshi holatda. Stadionlar atrofida turnir uchun muhim hisoblangan xavfsizlik perimetrlari tashkil etilgan. Muxlislardan o‘z vaqtida kelishlarini so‘rab qolamiz. Stadion hududida ko‘ngil ochish uchun sharoitlar yaratilgan, katta ekranlarda parallel ravishda ketayotgan o‘yinlarni ko‘rish mumkin”, – dedi Kallen.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa chempionati ertaga, 10-iyun kuni start olib, 10-iyulga qadar davom etadi. Uchrashuvlar Parij, Sen-Deni, Lion, Marsel, Lill, Bordo, Tuluza, Nitssa, Sent-Etyen va Lans shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)