Sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi AQShning Nike kompaniyasi doping qabul qilganligi uchun Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan ikki yilga tennisdan chetlatilgan rossiyalik Mariya Sharapova bilan hamkorlik qilishni davom ettirishini ma’lum qildi, deb The Wall Street Journal nashriga tayangan holda “RBK” xabar bermoqda.
“Xalqaro tennis federatsiyasi tribunali Mariyaning antidoping qoidalarini bilmagan holda buzganini qayd etdi. Mariya o‘z nuqtai nazarini doimo aniq ifodalagan, u o‘z xatosi uchun uzr so‘radi va diskvalifikatsiya bo‘yicha qarorga apellyatsiya beradi. ITF qaroriga asosan Mariyani kortga qaytishiga umid qilamiz va u bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, – deyiladi Nike xabarida.
Mariya Sharapovaning ikki yillik diskvalifikatsiyasi 2016-yilning 26-yanvaridan kuchga kirgan. Rossiyalik tennischi Xalqaro tennis federatsiyasining qaroriga rozi bo‘lmadi va Sport arbitraj sudi (CAS)ga qaror borasida apellyatsiya beradi.
Sharapova 11 yil davomida Forbes jurnalining talqini bo‘yicha dunyoning eng ko‘p haq to‘lanadigan ayol sportchisi nominini hech kimga boy bermay kelayotgan edi. Doping mojarosidan so‘ng, Mariya amerikalik tennischi Serena Uilyamsga peshqadamlikni berib qo‘ydi va ikkinchi o‘ringa tushib ketdi.
Forbes’ning baholashicha, Sharapova o‘tgan yil davomida 21,9 million dollar ishlab topdi, shundan 20 million dollar reklama shartnomalaridan, 1,9 dollar esa turli musobaqalardan tushdi. Bundan bir yil avval esa uning daromadi 29,7 million dollarga teng bo‘lgan. Sportchi meldoniy qabul qilganini tan olganidan so‘ng Nike, Cole Haan (oyoq kiyim va aksessuarlar), TAG Heuer (soatlar), Head (tennis anjomlari), Samsung (mobil telefonlar), Evian (ichimlik suvi) va Porsche (avtomobillar) kompaniyalari u bilan hamkorlikni to‘xtatgandi.
Izoh (0)