Rossiyalik tennischi Mariya Sharapova Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF)ning uni ikki yilga diskvalifikatsiya qilish haqida chiqargan qaroriga apellyatsiya beradi. Bu haqda Sharapova Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RBK”.
“Sport arbitraj sudi (CAS)ga ushbu qaror bo‘yicha zudlik bilan e’tiroz bildiraman”, – dedi u.
Sharapova xabarnomasida mustaqil tribunal uning taqiqlangan preparatlarni beixtiyor qabul qilganini tan olganini alohida ta’kidlab o‘tdi. “ITF mening antidoping qoidalarini qasddan buzganligimni isbotlash uchun juda ko‘p vaqt sarfladi”, dedi Mariya. Rossiyalik tennischi, shuningdek, federatsiya tribunaldan uni to‘rt yilga chetlatishni so‘ragani, biroq tribunal buni rad etganini ma’lum qildi.
“Men to‘g‘ri deb hisoblagan narsa uchun kurashaman. Shu sababli, tennis kortiga tezroq qaytish uchun harakat qilaman”, – deyiladi Mariyaning xabarnomasida.
Mariya Sharapovaning ikki yilga diskvalifikatsiya qilinishiga uning doping namunasida taqiqlangan meldoniy preparati aniqlangani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Doping namuna 2016-yilning 26-yanvarida, Australian Open tennis turnirining chorak finalidan so‘ng olingan edi. Diskvalifikatsiya tufayli rossiyalik tennischining ushbu turnirdagi natijalari bekor qilinib, reyting ochkolari olib tashlanadi. Bundan tashqari, sportchi Australian Open’da olgan mukofot pulini ham qaytarishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 7-mart kuni Sharapova maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida Australian Open’dagi doping namunasida 2016-yilning 1-yanvaridan taqiqlangan preparatlar ro‘yxatiga kiritilgan meldoniy aniqlanganini tan olgandi. Xalqaro tennis federatsiyasi sportchini 12-martdan boshlab musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum etdi.
“2015-yilning 22-dekabr kuni Xalqaro antidoping agentligi (WADA)dan taqiqlangan preparatlar ro‘yxatidagi o‘zgarishlar haqida elektron xat oldim. Ammo xatni ochib ko‘rmagandim”, – deya tushuntirdi Mariya.
Izoh (0)