2016-yilning 5–21-avgust kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarining tennis sport turi bo‘yicha saralash tizimi yakuniga yetdi va o‘zbekistonlik Denis Istomin Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oldi, deb xabar bermoqda “Sports.uz”.
Ayni paytda Professional tennischilar uyushmasi (ATP) reytingida 64-pog‘onada borayotgan Denis Istomin olimpiya reytingining 38-qatorida qayd etilib, to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Tennisda Olimpiada ishtirokchilari jahon reytingidagi o‘rniga asosan aniqlanadi. Qoidaga ko‘ra, Olimpiada o‘yinlarining tennis musobaqasida bir mamlakatdan eng ko‘pi to‘rtta tennischi va ikkita juftlik qatnashishi mumkin.
Qayd etish joiz, Denis Istomin 2012-yili Londonda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida ham ishtirok etib, dastlabki ikki uchrashuvda ispaniyalik Fernando Verdasko va lyuksemburglik Jil Myullerni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Uchinchi bosqichda esa u bo‘lajak finalchi, shveysariyalik Rojer Federerga yutqazib qo‘ygandi.
Shunday qilib, o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan Olimpiada o‘yinlariga 12 ta sport federatsiyasining 15 ta sport turidan jami 53 ta yo‘llanma qo‘lga kiritildi. 53 ta Olimpiada yo‘llanmalari bo‘yicha 56 nafar o‘zbekistonlik sportchi Rio—2016 Olimpiadasida ishtirok etadi. Sitora Hamidova (yengil atletika) va Ra’noxon Amanova (suzish) ikkitadan yo‘llanmaga ega. Baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda badiiy gimnastika sport turlarida o‘zbekistonlik sportchilar jamoaviy bahslarda qatnashadi.
Izoh (0)