31-may kuni Toshkentning “Shayx Zayniddinxon” masjidida Ramazon Umrasiga boruvchi ziyoratchilar guruh rahbarlari uchun amaliy o‘quvlar tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy sayti orqali ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, o‘quvlar davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari tomonidan ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatilishi, ibodat davomida ularning sog‘lig‘i ehtiyot qilinishi yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Xabarnomada qayd etib o‘tilishicha, an’anaga ko‘ra, o‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina va Makka shaharlaridagi qulay va shinam mehmonxonalarga joylashadi. Jumladan, Madinadagi mehmonxona masjiddan 100–150 metr, Makkadagisi esa 1000–1500 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar hozirlab qo‘yilgan.
Umrachilarga ishchi guruhi, shifokor, oshpazlar va guruh rahbarlari xizmat ko‘rsatadi. Ro‘zador ziyoratchilarga saharlik va iftorlik uchun ikki mahal issiq ovqat, choy va boshqa ichimliklar taqdim etiladi.
Izoh (0)