Shveysariyaning Obervil-Lili kommunasida yashovchi aholi kvota bo‘yicha o‘n nafar muhojirni qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda, The Independent nashri ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar beradi.
Ushbu masala bo‘yicha referendum o‘tkazilganda aholining 52 foizi muhojirlarni qabul qilishning o‘rniga 263 ming yevroga yaqin jarimani to‘lashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Nashrning eslatib o‘tishicha, kurort qishloqchasida istiqomat qiluvchi 2 200 nafar odamning 300 ga yaqini millionerdir.
Obervil-Lili meri bu holat boshqa millatdagi odamlarga nisbatan nafrat bilan bog‘liqligini inkor etdi.
“Bizga bu o‘n nafar qochoq Suriyadan yoki boshqa mamlakatlardan kelgan iqtisodiy muhojir ekanligini ma’lum qilishmadi. To‘g‘ri, suriyalik qochoqlarga yordam berish kerak. Biroq uyidan uzoq bo‘lmagan lagerlarda bu yordamni olish ular uchun yaxshiroq bo‘lsa kerak”, — dedi mahalliy ma’muriyat rahbari.
Shveysariya hukumati kvota bo‘yicha 50 ming muhojirni qabul qilishi lozim.
Izoh (0)