Yaponiya avtomobil kompaniyalari mamlakatda sotilgan yana 7 millionta avtomobilni Takata firmasiga tegishli xavfsizlik yostiqlaridagi nosozliklar tufayli chaqirib oladi, deb yozadi “TASS” Yaponiya Yer, infratuzilma va transport vazirligiga tayanib.
Aynan qaysi avtokonsernlar chaqiruvni amalga oshirayotgani hamda muayyan modellar nomlari ko‘rsatilmayapti. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat ichida Takata firmasining xavfsizlik yostiqlaridagi nosozliklar tufayli chaqirib olingan avtomobillar soni 19,6 milliontaga yetgan.
Yaponiyaning Takata kompaniyasi 2014-yilda mojaro o‘rtasida qolgan edi. AQSh hukumati ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan xavfsizlik yostiqlari piropatronning nosozligi tufayli halokat chog‘ida noto‘g‘ri ochilishi, yorilib ketishi va avtomobil ichidagi odamlarga metall bo‘laklarini “otishi”ni aniqlagan edi. Bunday hodisalar natijasida 11 kishi halok bo‘ldi, ulardan 10 nafari AQShlikdir. Bunday muammolar tufayli chaqirib olingan avtomobillar soni dunyo bo‘yicha 100 milliondan oshdi.
Izoh (0)