AQShning Virjiniya shtati qamoqxonasi qo‘riqchilari yosh afroamerikalikni jismoniy oriqlik holatiga yetkazdi va bu uning o‘limini keltirib chiqardi. Bu haqda, CNN telekompaniyasi ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
24 yoshli Jamaykl Mitchellning xolasi qamoqxona ma’muriyatini sudga berib, qarindoshini yo‘qotganligi uchun 60 million dollar miqdorida tovon talab qildi.
Da’vo arizasiga ko‘ra, Mitchell 2015-yilning 22-aprelida do‘kondan 5,05 dollar qiymatidagi gazli ichimlik va Snickers shokoladli batonchasini o‘g‘irlaganligi uchun hibsga olingan. O‘shanda yigitning vazni 81,6 kilogrammni tashkil etgan bo‘lsa, to‘rt oylik qamoq muddatida u ikki barobar ozgan. Da’voda qamoqxona qo‘riqchilari maqsadli ravishda afroamerikalikka ovqat va ichimlik suvi bermaganligi va kamerani tozalamaganligi ta’kidlangan.
Mitchellning xolasi Roksana Adamsning so‘zlariga qaraganda, qamoqxonada jiyaniga ruhiy xastalik tashxisi qo‘yilgan hamda qo‘riqchilar uni ochlik va tashnalik bilan “davolagan”.
Izoh (0)