2014-yilning may oyiga kelib “Lester Siti” Angliya Premyer-ligasiga qadam qo‘ygach, uning egasi Vichay Shrivaddxanaprabxa klub uchun 180 million funt ajratishga va’da berdi. Milliarder rejasiga ko‘ra, “Lester” Angliyaning kuchli beshta jamoasi orasiga 3 yil ichida kirishi kerak edi.
Buning uchun unga 2 yil vaqt va rejadagi mablag‘ning yarmidan kamrog‘i kerak bo‘ldi: “Lester” shu yilning may oyida Angliya chempioni bo‘lib ulgurdi. Tarixda birinchi bor! Bunga qadar jamoaning eng yaxshi natijasi 1929-yilgi vitse-chempionlik edi, xolos.
Uncha mashhur va boy bo‘lmagan klubning raqobati eng kuchli ligada zafar quchishi butun dunyo futbol muxlislarini lol qoldirdi. Ishonasizmi, yo‘qmi, sportdagi bunday sensatsion g‘alabalar Vichay Shrivaddxanaprabxa uchun odatiy holga aylanib ulgurgan. O‘tgan yilning 24-iyul kuni polo bo‘yicha Cartier Queen’s Cup qirollik kubogi bo‘lib o‘tdi va unda Shrivaddxanaprabxaga tegishli bo‘lgan King Power Foxes jamoasi bosh sovringa ega chiqdi. Tailandlik milliarder mukofotni qirolicha Yelizaveta II ning qo‘lidan qabul qilib olarkan, Angliyaning birinchi ledisi unga “Kubokni ushlang”, — deya kulib murojaat qildi. — “Biz Qirollik Kubogida ikkinchi bor ishtirok etdik, ko‘ryapsizmi, biz unda zafar quchdik”, — deb qirolichaga javob qaytargandi Vichay. Keyinroq milliarder musobaqaga qadar ham Yelizavetta II bilan ko‘rishgani, biroq Qirollik Kubogidagi uchrashuv bilan birinchisini umuman solishtirib bo‘lmasligini hikoya qilib bergandi. — “O‘sha kuni mendan ham baxtliroq odam yo‘q edi”, — deb eslaydi tailandlik milliarder.
Shunchaki Vichay
Vichayning haqiqiy familiyasi Raksriaksorn edi. 2013-yil vataniga qilgan xizmatlari uchun Tailand qiroli uning oilasiga yangi familiya ravo ko‘rdi — Shrivaddxanaprabxa. “Porlayotgan shuhrat ziyosi” degan ma’noni beruvchi bu sharif Vichay va uning oilasi uchun ulug‘ iltifot edi. Umuman olganda, asli tailandlik bo‘lmagan odamlar uchun Vichayning familiyalaridan istalgan birini aytish oson ish emas. Shuning uchun Britaniyada uni Kxun Vichay yoki shunchaki Vichay deb atashadi. Xurmatli insonlarning ismi oldidangina ishlatiladigan Kxun so‘zini yodlab olish u qadar qiyin emas. The Daily Mirror’ning yozishicha, Vichayning o‘g‘li Ayyavattani ham inglizlar allaqachon o‘zlariga yaqin olib, Top deb murojaat qilishadi. “Lester Siti” vitse-prezidenti bo‘lgan merosxo‘rni eslab qolish muhim ahamiyat kasb etadi, ahir.Vichay ko‘zdan panada yurishni afzal biladigan insonlar toifasiga kiradi. Jurnalistlar intervyu so‘rab murojaat qilsa, odatda Vichay rad javobini beradi yoki o‘g‘li Top bilan suxbatlashishni taklif qiladi. Balki shuning uchundir, Vichayning hayoti haqida hikoya qiluvchi manbaalar ko‘p emas. U 32 yoshida o‘zining birinchi do‘konini ochganidan buyon hozirga qadar bo‘lgan vaqt davomida omma uchun sirli shaxs bo‘lib qolavergan.
Vichay 1957-yilning 3-aprel kuni tavallud topdi. Ko‘plab tailandlik ishbilarmonlar kabi uning ham kelib chiqishi Xitoydan. The Wall Street Journal’ning yozishicha, Vichayning otasi bosmoxona biznesi bilan shug‘ullangan. Bu otaga o‘g‘li 11 yoshga qadam qo‘yganida uni o‘qish uchun Xitoy Taypeyiga, keyinroq esa AQShga yuborish imkonini berardi. Hali uyga, hali o‘zi tahsil oladigan mamlakatlarga uchib yuradigan Vichayning xayoli kun sayin dyutifri do‘koni ochish fikri bilan band bo‘lib qolgandi.
International Business Times Vichayning hayotiga qiziqish asnosida, Bankokdagi detektiv agentligi bilan til biriktirib, nomi oshkor etilishini istamagan manbaa ma’lumotlarini chop etdi. Unda Vichayni 32 yoshiga qadar nimalar bilan mashg‘ul bo‘lganini bilish qiyin ishligi ko‘rsatilgandi. “1989-yilga kelib Vichay King Power’ga asos solmaguniga qadar, u haqda hech kim hech narsa eshitmagandi. U oddiy menejer bo‘lib ishlar va oyiga 1000 dollardan biroz ko‘proq pul topardi”, — deb yozadi nashr. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Vichay 1986-yil hasham mahsulotlarini eksport qiluvchi uncha katta bo‘lmagan firmaga ega edi. The Wall Street Journal esa Vichay 1987-yillar Tailandning qimmatbaho bo‘lgan milliy mahsulotlari bilan biznes qilgani haqida ma’lumot bergan. Uning mijozlari faqatgina sayyohlar bo‘libgina qolmay, hukumat tepasidagi baquvvat odamlar ham Vichayga murojaat qilib turardi. Bo‘lajak milliarderning do‘stlari orasida sobiq bosh vazir va bir vaqtning o‘zida aviatsiya marshalli bo‘lgan Sombuna Raxongadan tashqari, Tailand qiroli maslaxatchisi bo‘lib ishlagan iste’fodagi general Pichitra Kullavanidjayagacha bor edi.
Buning samarasi o‘laroq, dyutifri biznesida professional bo‘lgan gonkonglik Antares Chen Vichay bilan qiziqib qoladi. Voqea mana bunday bo‘lgandi: 1987-yilga kelib u faoliyat olib boradigan Gonkong konsorsiumi Tailanddagi Kai Tak International Airport Duty Free Shop setini tashkil etish huquqini yutib oladi. Ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Mazkur aeroportda Amerikaning yirik operatori bo‘lgan DFS Group ham faoliyat yuritardi. O‘zaro raqobat natijasida narh-navoni pasaytirish borasidagi kurash boshlanib ketdi. Oradan bir yil o‘tib, Chen ishlaydigan konsorsium kamomadga ishlayverishdan charchadi va raqobatda mag‘lub bo‘lganini tan olishga yaqin keldi. Mana shu vaqt davomida Chen Vichayni uchratib qoldi.
Amerikaliklardan qasos
1989-yilga kelib Vichay Bankokdagi Mahatun Plaza savdo markazida o‘zining birinchi do‘konini ochdi. Bu xitoylik sayyohlarning Tailandga oqib kelish vaqtiga to‘g‘ri kelib qolgani, Vichayning ishlarini yurishtirib yubordi.Tailandda dyutifri faqatgina aeroport hududida bo‘lishi shart emas. Siz mamlakatda bo‘lgan vaqtingizda o‘zingizga yoqqan mahsulotni shoshilmasdan, istalgan vaqtda harid qilishingiz mumkin. Tailanddan chiqib ketayotganingizda pasport nazorati punktiga qadar mahsulotingizni sizga yetkazishadi.
O‘sha vaqtlar Tailanddagi asosiy xalqaro aeroport Don-Muang hisoblanar, undagi barcha dyutifrilarni Thai Airways kompaniyasining o‘zi nazorat qilardi. Vichay va Chen kompaniya rahbarlarini savdo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmay, bor e’tiborni parvozlarni amalga oshirishga qaratish kerakligiga ishontirdi. 1993-yilga kelibgina, ularga tegishli bo‘lgan punkt Don-Muang aeroportida ham ochildi. Bu kichik muvaffaqiyat bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq unutmaslik kerakki, King Power’ga qadar birorta xususiy kompaniya Tailand poytaxtidagi bosh xalqaro aeroport ichiga suqulib kira olmagandi.
King Power nomi 1995-yilga kelib butun mamlakatda mashhur bo‘lib ketdi. Chen bu vaqtda boshqaruv direktori bo‘lib ishlar va kompaniya AQShning DFS Group operatoridan qasdini olib ulgurgandi. O‘sha vaqtlarda Vichay King Power’ning 40 foiz aksiyasiga egalik qilardi, Chenda bu ko‘rsatkich 30 foizni tashkil qilsa, gonkonglik biznesmen Vong Chi Kvan qolgan aksiyaning katta qismini o‘z qo‘lida ushlab turgandi.
1997-yilga kelib, tailandlik amaldorlar Bankokdagi Butunjahon savdo markazining asosiy dyutifrilariga egalik qiluvchi Irlandiyaning Aer Rianta International kompaniyasi bilan shartnomani bekor qildi. Sayyohlik tizimiga javobgar bo‘lgan Tailand vaziri Piyanat Vatcharaporn irlandlardan qolgan shartnomani kimoshdi savdoga qo‘yib o‘tirmay, uni King Power’ga berib yubordi. Buning uchun kompaniya 5 yil davomida foydaning 10 foizini hamda qo‘shimcha 2,2 million dollarni davlat hisob raqamiga o‘tkazib turishi kerak edi. Forbes’ning ma’lumot berishicha, King Power’da faoliyat olib borayotgan bir qator top-menejerlar va direktorlar kengashi a’zolarining ma’lum qismi o‘z vaqtida sayyohlik sohasi amaldorlari bo‘lgan.
Aytish kerakki, 1990-yilga kelib King Power Pekin va Gonkongda ham o‘z filiallarini ochdi. Tarmoq Tailandning Chiang-May, Xat-Yay, Pxuketa aeroportlariga qadar kirib bordi. Chen asosiy e’tiborini horijiy mamlakatlarga qaratsa, Vichay ichki bozor monopoliyasini afzal bilardi, keyinchalik bu ikki shaxs mana shu qarashlar tufayli biznesda ajralib ham ketishdi. Forbes Tailanddagi 60 foiz, aeroport hududidagi 100 foiz dyutifri King Power tomonidan nazorat qilinishini aniqlagan.
1997-yilga kelib King Power bilan sherikchilikda ishlaydiganlar kompaniyani ommaviy bozorga olib kirib, uning aksiyalarini Amerika fond birjasiga qatar ko‘tardi. Bu holat King Power aksionerlariga yoqmadi. Natijada kompaniya mazkur voqea sabab yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sabab sud protseduralari va konpensatsiyalar uchun 1,7 milliondan ziyod dollar sarflashga majbur bo‘ldi.
Shundan keyin ham kompaniyaning asosiy aksioneri bo‘lib Vichayning o‘zi qolaverdi. Uning qo‘lida 28,4 foizlik aksiya bo‘lsa, rafiqasida 14,8, jiyanida esa 5,1 foiz aksiya mavjud edi. Moliyaviy ishlar bo‘yicha direktor Viratan Suntaranond yuqoridagi kelishmovchiliklardan keyin 14,8 foiz aksiyaning egasiga aylandi. Uning rafiqasida 4,9, qizida esa 4,5 foiz aksiya bor edi. 2002-yilga kelib King Power’ning savdo aylanmasi 172,4 millionni, sof foydasi 12,1 million dollarni tashkil etdi.
Jekpot
2001-yilga kelib, Tailand bosh vaziri etib Taksin Chinavat tayinlandi. U hokimiyat tepasiga kelishi bilanoq, Bankok uchun yangi xalqaro aeroport qurish ishlarini boshlab yubordi. Suvarnabxumi deb nomlangan xalqaro aeroport 2006-yilga kelib o‘z eshiklarini yo‘lovchilar uchun ochdi. King Power Don-Muang aeroportidan tashqari, yo‘lovchi tashish aeroprtlari orasida dunyoda 12-o‘rinda turuvchi Suvarnabxumida ham monopol kompaniyaga aylanib oldi. Mazkur voqelikni Tailand hayoti haqida hikoya qiluvchi “Inqirozdagi qirollik” kitobini yozgan Makgregor Marshall quyidagicha izohlagandi: “Endi Vichayga pul bosib chiqarish bilan barobar huquqni berib qo‘yishgandi”.Natijada 2006-yilga kelib King Power’ning savdo aylanmasi 525 millionni, sof foydasi esa 25 million AQSh dollarini tashkil eta boshladi. Biroq bosh vazir Taksin Chinavat harbiy to‘ntarish natijasida 2006-yil o‘z vazifasidan ozod etilgach, King Power osmonida qora bulutlar paydo bo‘la boshladi.
Kelasi yilning mart oyida Tailanddagi barcha aeroportlarni boshqaruvchi Airports of Thailand King Power’ni dyutifrilarga egalik qilish huquqini noqonuniy ravishda qo‘lga kiritganlikda ayblab chiqdi. Tashkilot direktorlar kengashi Vichayni aeroportdan siqib chiqarishga umumiy ovoz berdi. Sudga berilgan iskda King Power ikkita band bo‘yicha ayblangan bo‘lib, umumiy hisobda 2 milliard AQSh dollari miqdorida konpensatsiya to‘lashi kerakligi talab qilindi.
Biroq, yirik shartnomalar siyosiy sodiqlilik hamda muhim shaxslar bilan aloqalar evaziga tuziladigan Tailandda King Power oyog‘iga bolta urish oson ish emasdi. Ma’lum bo‘ldiki, Chinavat Vichayning asosiy qartasi emas. “Vichay kiborlar davrasida va qirollik oilasi a’zolari orasida ko‘p ko‘rinish berardi. Uning aloqalariga umumiy ta’rif berish qiyin”, — deb hikoya qiladi Bankokdagi Tammasat universiteti o‘qituvchisi Pavid Pananond The National sahifalarida.
1990-yillardayoq Vichay Tailand monarxi oilasi uchun katta-katta fondlarini sarf etardi. 2006-yilga kelib u bir millionta sariq rangli bog‘ichlar chiqardi. Qirol Pxumipona Adulyadetning 60 yillik yubileyi uchun chiqarilgan bu lentalarga “Biz Qirol hazrati oliylarini sevamiz” jumlasi yozilgandi, deb hikoya qiladi Marshall. 2004-yilga kelib Vichay King Power Foundation’ga asos soldi. O‘sha yilning yanvar oyida Lester shahri universiteti Vichayga doktorlik unvonini berdi. Fondning asosiy vazifasi ikkita edi. Birinchisi — turli-tuman loyihalar orqali Tailand qiroliga bo‘lgan sadoqatni oshirish, ikkinchisi — bolalar ta’limi va sog‘ligi masalalarini qo‘llab-quvvatlash.
2009-yilda Vichay afzal bilgan pozitsiya qanchalik to‘g‘ri ekaniga hech kimda shubha qolmadi. Tailand Qiroli uni saroyga mahsulot yetkazib beruvchi qirollik patenti bilan siyladi. King Power bunday statusga ega bo‘lgan tarixdagi 41-kompaniyaga aylandi. Unga qirol uchun mahsulot yetkazib beradigan kompaniya sifatidagina emas, mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘ini sifatida qaray boshlashdi. Kompaniya o‘z shtab-kvartirasiga Tailand milliy timsoli bo‘lgan va mamlakat gerbida aks etgan Garuda qushining haykalini qo‘yishgacha ruxsat etilgandi.
O‘tgan yili Vichayning monopoliyasi qanchalik qudratli ekani o‘z tasdig‘ini yana bir bor topdi. Janubiy Koreya kompaniyasi Tailand bozoriga kirishga urinib ko‘rdi. Dyutifri tarmoqlari bilan ish olib boruvchi kompaniyaga do‘konlar qurish uchun izn berildi. Keyin esa ikki asosiy aeroportda faoliyat olib borish uchun baribir ruxsat berishmadi. “Ular o‘z do‘konlarini deyarli qurib bo‘lishgandi. Biroq amalda u yerda ishlay olishmasdi”, — deb guvohlik bergandi The Guardian. Ko‘rinishidan, Vichay shartnoma muddati yakuniga qadar monopoliyasini saqlab qoladi. Suvarnabxumi aeroporti bilan shartnoma 2020-yilning 27-sentabr kuni, Don-Muang bilan esa 2022-yilning 30-sentabr kuni o‘z nihoyasiga yetadi.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Vichay 2007-yilda o‘zining 200 million dollarlik kapitali bilan Tailand millionerlari orasida 21-o‘rinda edi. Hozir esa uning boyligi 3,1 milliard dollarga baholanadi. Bu tailandlik milliarderlar orasida to‘rtinchi, dunyo reytingida esa 612-o‘rin degani.
Polo ishqibozi
Vichayning Tailand va Britaniya otxonalarida 100 ga yaqin ponilari bor. 1998-yil u Suvarnabxumi aeroporti yaqinida VR Sports Club deb nomlangan polo klubiga asos soldi. Bu yerda Qirol Kubogi musobaqalari o‘tkazilardi.Vichay poloning xalqaro musobaqalarida ham o‘z nomiga ega. U qirollik oilasi tashrif buyuradigan Ham Polo klubining bir umrlik a’zosi hisoblanadi. 2008—2012-yillar davomida shu klub prezidenti vazifasida ham ishlagan. Uning o‘g‘li Top shahzoda Garri bilan bitta jamoada o‘ynaydi. “Futbol polodan katta farq qiladi”, — deydi Vichay. — “Poloda mening o‘g‘illarim o‘ynay olishadi. Chorak asrdan buyon ishtirok etadiganim musobaqada o‘g‘illarimning ishtirokini kuzatishni yoqtiraman. Lekin o‘zing futbol o‘ynashni istasang, bu boshqa masala. Yaxshisi o‘yinchilar yollab, ular qanday o‘ynashini kuzatgan ma’qul. Men o‘zim ishtirok eta olganim uchun ham poloni yaxshi ko‘raman”.
Futbol
2006-yilda 49 yoshli Vichay va kompaniyada iqtisodiy direktor bo‘lib ishlaydigan uning turmush o‘rtog‘i Emon King Power’da shunchaki aksioner bo‘lib qolishni rejalashtirayotgandi. — “Men 50 yoshda nafaqaga chiqaman deb yurardim. Hozir istagan narsamni harid qilishim mumkin. Shu bilan birga, hayotdan lazzat olib yashashni istayman”, — degandi Vichay.Istagan narsasini sotib olishi borasida Vichay u qadar haq bo‘lib chiqmadi. Sir emaski, Tailandda Angliya futboli havosi bilan yashashadi. Sobiq bosh vazir Chinavat 2007—2008-yillar davomida “Manchester Siti” klubiga egalik qilgandi. Vichay ham London klublaridan biriga egalik qilishni istab qoldi. Bu esa oson ish emasdi. Shundan keyin u 3 yil davomida “Lester”ni moliyalashtirib turish bilangina cheklandi. 2010-yilga kelib esa, unga klubni sotib olishni taklif qilishdi. Vichay yarim soat o‘ylanib turib, rozilik bildirdi. Sotib olish narxi sifatida ko‘rsatilgan 20 million funt, sotib olish jarayonida 39 millionga aylanib ketgani ham Vichayni qaroridan qaytarmadi. Shu tariqa u “Lester”ning egasiga aylandi.
Sofoot.com tahminiga ko‘ra, “Lester” Top uchun sovg‘a tariqasida sotib olingandi. Ota o‘g‘lining kazinolarda yo‘qolib qolishi-yu, Tailanddagi moda kechalarida qolib ketishidan to‘yib ketgandi. “Lester”da esa Topni vitse-prezident etib tayinladi.
“Lester” mo‘jazgina, ammo munosib tanlov edi. Klubning 32 000 o‘rinlik yangi stadioni bor bo‘lib, muxlislarni ko‘paytirish uchun imkoniyatlar yetarli edi. Markaziy Graflikda raqobatbardosh klublarning kam ekani, bu makonda “Lester” asosiy jamoa bo‘lib olishiga xizmat qilishi mumkin edi.
XXI asr “Lester” uchun oson kelmadi. 2004-yil klub Premyer-ligaga chiqa olmadi, qo‘shimchasiga, qarz botqog‘iga botib qoldi. Chunki 2002-yilda klub stadion qurilishi uchun yaxshigina mablag‘ sarf etib qo‘ygandi. “Lester” hattoki yo‘q bo‘lib ketish xavfi bilan yashay boshlagandi. Shundagina klub muxlislar va investorlardan yordam so‘rab, 8,5 million yevro topdi. 2014-yil boshiga kelib Vichay klubning 103 millionga teng keladigan barcha qarzlarini to‘lab bo‘ldi.
Chempioshipdagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlar sabab Vichay murabbiylarni qo‘lqop kabi almashtirdi. Paulo Souza klub bilan 3 oygina ishladi, Sven-Yoran Eriksson esa 1 yil. 2011-yil klubga Nayjel Pirson qaytib keldi. 2013/14-yilgi mavsumni “Lester” 1-o‘rinda yakunlab, Premyer-ligaga qadam qo‘ydi. O‘sha yili “Lester” 31,2 million funt ishlaganiga qaramay, 20,8 millonlik kamomad qayd etdi. Biroq Premyer-liga hammasini o‘zgartirdi. Jamoaning uy uchrashuvlarini ko‘rish uchun tobora ko‘proq muxlislar kela boshladi. 2014/15-yilgi mavsumda “Lester” o‘z tarixidagi eng yaxshi moliyaviy holatga ega bo‘ldi. Daromad 104,4 million funtga yetdi. Shuning 72 millioni telekompaniyalar bilan shartnomalar evaziga qo‘lga kiritilgandi. Foyda esa soliqlardan tashqari 26,4 million funtni tashkil etdi.
Bu paytda klub futbolchilari kattagina mojaro keltirib chiqardi. 2015-yilgi tanaffusda “Lester” Tailandga safar etdi. Bosh murabbiy Nayjel Pirsonning 22 yoshli o‘g‘li Jeyms Pirson, u bilan tengdosh jamoadoshi Adam Smit va 21 yoshli Tom Xopper mahalliy fohishalar bilan bog‘liq muammo keltirib chiqardi. Yollangan qizlar “Lester” futbolchilari ratsizm ruhidagi so‘zlar bilan ularni haqorat qilganliklari borasida ko‘rsatma berishdi. Bu boradagi video The Daily Mirror’ning qo‘liga qadar yetib bordi. Ish uch futbolchining jamoadan chetlatilishi bilan yakun topdi, keyinroq esa, Pirsondan ham lavozimni bo‘shatishni so‘rashdi. Uning o‘rniga Gretsiya terma jamoasida tuzukroq natijaga erisha olmagan Klaudio Ranyeri olib kelindi. Yunonlarga to‘g‘ri kelmagan mutaxassis esa ingliz jamoasi bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi.
Bu yo‘lda “Lester” qimmatbaho yulduzlarni sotib ham olmadi. 2012-yil Jeymi Vardi 1 million funt evaziga qo‘lga kiritilgandi. Riyod Mahrez esa “Lester” uchun 400 minggagina tushgan. Chempionlikdan keyin OAV “Lester” futbolchilari narhidan kelib chiqib, solishtirishlarga zo‘r berdi. Masalan, “Chelsi” “Lester” futbolchilarining umumiy narxiga nechta futbolchi sotib olishi mumkin yoki “Lester”ning yillik buyudjeti “Yunayted”ga necha oyga yetishi mumkinligi borasida.
The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, “Lester”ning bugungi bahosi 436 million funtga teng. Bu Vichay harid qilib olganidan 11 marta qimmat ko‘rsatkich. 2016—2019-yilgi mavsumlarda telekompaniyalar Premyer-liga klublari uchun 5,136 milliard funt sarf etadi. Tabiiyki, chempion “Lester”ning bu boradagi ulushi Vichay klubni sotib olgan narhdan anchagina qimmat bo‘ladi.
Bugungi Vichay
2015-yilning martiga qadar Vichayning qo‘lida 9 oy shaxsiy yordamchisi bo‘lib ishlagan lesterlik komik Aleks Xilton International Business Times sahifalarida milliarder bilan tanishuvni quyidagicha hikoya qiladi: — “Men Vichayni birinchi bor ko‘rganimda, uni o‘nga yaqin budda rohiblari o‘rab olgandi. Yo‘ldan ozdirishi mumkin degan gumonda xizmat ko‘rsatuvchi personal orasiga birorta ham ayol kishini yaqinlashtirishmasdi. Agar Vichayning yirik milliarder ekanligini inobatga olmasa, bu ajoyib va g‘aroyib odam tuppa-tuzuk shinavandadir”.Komikning so‘zlariga ko‘ra, Vichay futbolning haqiqiy fanati. U “Manchester Yunayted” ishtirokidagi o‘yinni tomosha qilish uchun har narsaga tayyor, deb ishontiroqchi bo‘lardi Aleks Xilton. “Lester” muvaffaqiyatsizlik girdobiga kirib qolsa, Vichay stadion yo‘lagida tashvishlangancha u yoqdan bu yoqqa borib kelar, “Lester” ajoyib g‘alabalarni qo‘lga kiritganida esa bitta shishasi 400 funt turadigan vino bilan mehmonlarini siylardi. Ochilgan vinoning yarmidan ko‘pi shishaning o‘zida qolardi.
Vichay doimiy ravishda tailandlik harbiylar, siyosatchilar va yuqori martabali shaxslarni Lesterga taklif qilib, ular uchun stadionning o‘zida kechalar tashkil etadi. Xiltonni eng ko‘p hayrat ko‘chasiga yetaklaydigani, mehmonlarning ko‘pi Vichayni tiz cho‘kib qarshi olishi bo‘lgan. Vichayning salobati inglizlarni shokka solardi, lekin u ishchilar bilan hech qachon qo‘pol muomalada bo‘lmagan, u madaniyatli inson. Shunchaki hayot tarzi inglizlar madaniyatidan tamomila farq qiladi.
Vichayning o‘g‘li Top Reuters savoliga “Ha, biz tay madaniyatini ulug‘laymiz va klubni ham o‘z oilamizdek boshqaramiz”, — deb javob bergandi. Vichay stadionga Tailand Qirolining suratini ildirgan va doimiy ravishda rohiblarni jalb qiladi. Ular o‘z urf-odatlari bo‘yicha “Lester”ga muvaffaqiyat tilashadi. — “Rohib hassasini suvga botirib, keyin bizning tovonimizdan burnimizga qadar aylantiradi. Bu xuddi dush qabul qilishdek gap”, — degandi Jeymi Vardi The Telegraph nashriga.
Vichay o‘zini ko‘p namoyon qilavermaydi, shu bilan birga boy ekanini ham yashirmaydi. U o‘zining shaxsiy Gulfstream G650 biznes-jetida uchib yuradi, King Power stadioniga esa “Lester” brendi tushirilgan ko‘k vertolyotida uchib kelib, maydonning qoq markaziga qo‘nadi.
Vichay muxlislar haqida ham g‘amxo‘rlik qiladi. “Lester” ketma-ket katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotganiga qaramay, o‘yin uchun chiptalar narxi so‘nggi ikki yilda biror marta ham o‘zgarmadi. “Lester” o‘yinini boshqa shaharlardan kelib tomosha qiluvchilar bor yo‘g‘i 10 funtga chipta harid qilish imkoniga egalar. Klub byudjeti uchun yaxshi holdek ko‘rinmasligi mumkin, biroq bu yaxshigina PR effekt bo‘lib xizmat qiladi.
32 ming muxlis tashrif buyurgan o‘yinlarda shirin kulchalar va Tailandning mashhur Singha pivolari bepul tarqatilgan holatlar ham bo‘lgan. 2014-yil “Lester” Premyer-ligaga qadam qo‘yganida, 2015-yil bu voqeaga bir yil to‘lganida, 2015-yilning dekabrida “Lester” qayd etayotgan mazmunli o‘yinlar uchun va 2016-yilning aprelida — Vichayning tavallud kunida stadion ponchik va pivo bilan mehmon qilingandi. “Chelsi” bilan o‘yin vaqtida esa Vardi surati tushirilgan chipslar tarqatilgan.
“Vichay Angliyadagi futbol klubiga egalik qilish darajasidagi boy inson”, — deb yozadi Marshall. — “Bu unga ingliz klublarini juda sevuvchilar istiqomat qiladigan Tailandda yaxshigina obro‘ keltiradi. Tailandning brend-elchisidek ko‘rinuvchi Vichay o‘ziga ko‘p narsani ravo ko‘ra oladi, masalan, “Lester” muvaffaqiyatlarini, Tailanddagi kutilmagan o‘zgarishlarga qaramay, siyosiy bardavomlikni. Tailandlik detektiv Vichayning muvaffaqiyatlariga asosiy sabab sifatida unda bir tomchi ham siyosiy ambitsiyaning yo‘qligini, undagi qarashlar faqatgina biznes bilan yo‘g‘irilganini ko‘rsatadi.
Maqolani “Vedomosti” nashri uchun Olga Petrova va Galina Kazakulova tayyorladi.
Izoh (0)