“Yandeks” o‘z brauzeri uchun foydalanuvchilarni saytlarni almashtirib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarliklardan himoya qiladigan DNSCrypt texnologiyasiga ega yangilanmani chiqardi, deya xabar bermoqda “Gazeta.ru” kompaniya press-reliziga tayanib.
Texnologiya brauzer va DNS-server o‘rtasidagi ma’lumotlar almashinuvi xavfsiz kechishini ta’minlaydi. DNSCrypt’ni qo‘llab-quvvatlovchi brauzer bozorda ilk bora paydo bo‘ldi.
Kompaniyadagilar aytishicha, foydalanuvchi birorta saytni ochmoqchi bo‘lganida, brauzer uning domen nomini provayderning DNS-serveriga yuboradi va unga javoban o‘ziga tushunarli bo‘lgan raqamli IP-manzilni oladi. Odatda brauzer va DNS-serverlar ma’lumotlarni shifrlanmagan ko‘rinishda almashadi, shu tufayli firibgarlar ularni tutib, almashtirib qo‘yishga urinadi. Shu tariqa, ular odamlarga reklama ko‘rsatish, virus tarqatish yoki shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish uchun, ularni o‘zlariga zarur manbalarga yo‘naltiradi. Ko‘pincha firibgarlar foydalanuvchilarning uy routerlarini ham buzadi va DNS-server manzilini o‘zgartiradi — oxir-oqibat odamlar doimiy ravishda firibgarlik resurslariga tushib qoladi.
Yangi funksiyalardan foydalanish uchun “Yandeks.Brauzer”ni yangilash va sozlamalardan “Doim ‘Yandeks’ning DNSCrypt shifriga ega himoyalangan DNS-serveridan foydalanish” opsiyasini tanlash kerak.
Izoh (0)