O‘zbekiston xalq artisti, marhum Nuriddin Haydarovning o‘g‘li, yosh xonanda Hojiakbar Haydarov otasining mashhur “Do‘lana” qo‘shig‘ini qayta kuylagan, ammo uning ijrosidagi qo‘shiq, shuningdek, unga ishlangan klip keskin tanqidlarga uchragandi. Yosh san’aktor “7x7” gazetasi bilan suhbatda ushbu tanqid so‘zlariga javob qaytardi, deb xabar bermoqda “Darakchi.uz”.
“To‘g‘ri, qo‘shiq yoshi katta tinglovchilarga manzur bo‘lmadi. ‘Qo‘shiqni buzib ijro etibdi’, degan tanbehlarni ham eshitdim. Ammo buning o‘ziga xos sababi bor. Dadamning ‘Yulduzim’ qo‘shig‘ini o‘zidek ijro etganimda, ustozlar ‘Ijroda o‘ziga xoslik yo‘q’, deyishdi. Agar ‘Do‘lana’ni ham xuddi o‘zidek ijro etganimda, u yoshlar ham tinglaydigan qo‘shiq bo‘lmasdi. Shu sababli musiqa va ijro uslubini zamonaviylashtirdik”, — deb tushuntirdi Hojiakbar.
“Shu kungacha bironta klipni ekran qarshisida o‘tirib, oxirigacha tomosha qilmaganman. Chunki qaysi sahnadan keyin qaysinisi kelishini yaxshi bilaman. ‘Do‘lana’ga ishlangan klipning o‘ziga xosligi shundaki, kadrlar yodingizda qolmaydi. E’tiborni jalb qilib, ‘Klip qanday yakunlanarkin?’ degan savol tomoshabinni o‘ylantiradi”, — deb qo‘shimcha qildi u.
Izoh (0)