Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda Milliy gvardiya tuzilishini e’lon qildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
“IIV Ichki qo‘shinlari bazasida ijro hokimiyatining yangi federal tuzilmasi — Milliy gvardiya tashkil etiladi. Gvardiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda OMON, SOBR bo‘linmalari bajargan vazifalar, ya’ni terrorizm, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bilan shug‘ullanadi”, — deya ta’kidlagan Putin.
Shuningdek, Rossiya prezidenti Narkotiklar aylanmasi ustidan nazorat federal xizmati va Federal migratsiya xizmati Ichki ishlar vazirligi tarkibiga kirishini e’lon qildi.
Ichki qo‘shinlar rasmiy vakili Vasiliy Panchenkov mazkur qo‘shinlar IIV tuzilmasi sifatidagi faoliyatini to‘xtatishi, uning bo‘linmalari asosida tuzilayotgan Milliy gvardiya IIV tarkibiga kirmasligi va alohida tuzilma tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga bo‘ysunishini ma’lum qildi. Rossiya davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu ma’lumotni tasdiqlab, “Milliy gvardiya rahbari bosh qo‘mondon, ya’ni prezidentga bo‘ysunishi”ni bildirdi.
Hozirgacha IIV Ichki qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lib ishlab kelgan, 2000—2013-yillarda Rossiya prezidenti xavfsizlik xizmatini boshqargan Viktor Zolotov Rossiya Federatsiyasi milliy gvardiyasi qo‘shinlari federal xizmati direktori — Milliy gvardiya qo‘shinlari bosh qo‘mondoni etib tayinlandi.
Izoh (0)