“Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘iga tegishli yuk tashuvchi avtomobillardan birining orqa tomoniga “Men yo‘l harakati qoidalarini buzdimmi? Unda 140-14-14 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!”, degan e’lon yopishtirilgan. Avtomobilning surati Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida e’lon qilingan.
Fotoxabarga foydalanuvchilar turlicha munosabat bildirgan. Ba’zilar xuddi shunday amaliyot AQShda va Yevropa mamlakatlarida ham borligini ta’kidlagan. Boshqa bir foydalanuvchi esa shunga o‘xshash e’lonlarni yo‘nalishli taksilar (“marshrutka”lar)da ham ko‘rganini yozgan.
“Xo‘sh, telefon qildingiz ham deylik, keyin nima bo‘ladi? Jarimani sizga to‘laydimi? “Korzinka.uz” hammayoqda piar qilishga harakat qiladi”, — deb yozadi bir foydalanuvchi.
“Kompaniya mulkini xavf ostiga qo‘yayotgan haydovchiga nisbatan xayfsan e’lon qilinadi. Balki ishdan ham bo‘shatishar, chunki bu o‘ringa da’vogarlar ko‘p”, — deb yozadi boshqa bir foydalanuvchi.
“Har turli ahmoq yoshlar shunchaki ko‘ngilxushlik uchun qo‘ng‘iroq qilib, mashina qizil chiroqqa o‘tib ketgani, sidirg‘a chiziqni bosib o‘tgani va kirakashlik qilayotgani haqida aytsa, nima bo‘ladi?”, — deb savol qo‘ygan yana bir foydalanuvchi.
Izoh (0)