29-fevralda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Koreya fan va texnologiyalar instituti (KAIST – Korea Advanced Institute of Science and Technology) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Delegatsiyaga KAIST moliya fakulteti dekani Jan Ku Kang rahbarlik qildi. Uchrashuvda KAIST biznes-maktabining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Delegatsiya rahbari muayyan kelishuvga erishilgan taqdirda Toshkent shahrida KAIST’ning filiali ochilishi haqida xabar berdi.
Koreyalik vakillar dastlabki bosqichda moliya fakultetiga 200 nafar talabani qabul qilish va qabul kvotasini oshirish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, filialda iqtisodiyot fakulteti ochilishi ham rejalashtirilmoqda. Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda bu kabi o‘quv muassasalarini ochish shart-sharoitlari va O‘zbekiston fuqarolari uchun maqbul bo‘lgan to‘lov miqdori, kvotani to‘ldirish masalalari bilan qiziqdi.
Suhbat davomida Jan Ku Kang uchrashuv ishtirokchilariga ushbu ta’lim muassasasida bakalavr, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha kadrlarning kompleks tayyorgarligi olib borilishi borasida ma’lumotlar berdi.
Izoh (0)