Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov nomiga futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani munosabati bilan tabriknoma yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“O‘zbekiston futbol federatsiyasini futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Kolumbiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman. Musobaqa davomida ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari uchun terma jamoangiz futbolchilari hamda murabbiylar shtabiga ham tabriklarimni yetkazib qo‘yasiz, degan umiddaman.
O‘zbekiston futzal bo‘yicha Osiyo chempionatini muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazdi. Shu munosabat bilan men mahalliy tashkilotchilarga va O‘zbekiston futbol federatsiyasiga Jahon darajasidagi musobaqani tashkil qilishdagi jonbozliklari va mehnatlari uchun ham minnatdorchilik bildiraman.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga esa Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rishlarini tilayman. Aminmanki, O‘zbekiston hamda Jahon chempionatida qit’amiz sharafini himoya qiladigan qolgan to‘rt jamoa Kolumbiyada butun Osiyo faxrlanadigan o‘yinlar namoyish qiladi”, — deyiladi Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti tomonidan yuborilgan tabriknomada.
Izoh (0)