AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbining so‘zlariga qaraganda, Shimoliy Koreya AQSh rahbariyatiga murojaat etib, tinchlik shartnomasini tuzishni taklif qilgan, ammo rasmiy Vashington muzokaralar davomida Pxenyanning yadroviy dasturini to‘xtatish masalasini ham muhokama qilishni so‘ragan, buning natijasida sulh tuzish masalasi oxiriga yetmay qolgan. Bu haqda “TASS” yozmoqda
The Wall Street Journal gazetasi 2016-yil boshida AQSh va KXDR o‘rtasida yashirin muzokaralar bo‘lgani haqida xabar tarqatgan edi. Jon Kirbi mazkur xabarga izoh berib o‘tish asnosida yuqoridagi ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.
Maslahatlashuvlar 6-yanvar kuni KXDR tomonidan yadro quroli sinovi o‘tkazilishidan oldin tashkil qilingan. Kirbining ishontirishicha, Shimoliy Koreyaning o‘zi tinchlik taklif qilgan, ammo AQShning yadroviy quroldan xalos bo‘lish haqidagi talabiga rad javobi berib, muzokaralarni to‘xtatgan.
Ilgariroq Shimoliy Koreya rasmiy bayonot tarqatib, AQSh tomonidan unga qarshi joriy qilinayotgan yangi sanksiyalarga qaramay, o‘zining yadroviy qudratini o‘stirishda davom etishini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)