Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

  1. Nima bo‘ldi?
  2. Litsenziyasiz taksichilarni tutib olishsa, nima bo‘ladi?
  3. Litsenziya kimlarga beriladi?
  4. Yo‘nalishsiz taksining yagona tanish belgilari nima?
  5. Litsenziya uchun necha pul to‘lanishi kerak?
  6. Litsenziya kartochkasi?! U nima?
  7. Litsenziya va litsenziya kartochkasi necha kunda beriladi?

Nima bo‘ldi?

Toshkent shahrida 15-fevraldan litsenziyasiz taksichilar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Davlat soliq qo‘mitasi va “Toshshahartransxizmat” xodimlaridan iborat 47 guruh reydlar o‘tkazishni boshladi.

Foto: “Kashubin.net”

Litsenziyasiz taksichilarni tutib olishsa, nima bo‘ladi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-3-moddasiga muvofiq, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanayotganlar eng kam ish haqining 20 dan 100 baravarigacha (16-fevral holatiga ko‘ra, 2,6 million so‘mdan 13 million so‘mgacha), yuridik shaxslar esa 50 baravaridan 150 baravarigacha (16-fevral holatiga ko‘ra, 6,51 million so‘mdan 19,53 million so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi. Agar bu holat takrorlansa, Jinoyat kodeksining 190-moddasi bo‘yicha eng kam ish haqining 25 baravaridan 75 baravarigacha (16-fevral holatiga ko‘ra, 3,25 million so‘mdan 9,76 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquq (masalan, haydovchilik guvohnomasi)dan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Litsenziya kimlarga beriladi?

Shaharda va shahar atrofida yuk tashiydigan taksi faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan, masalan, “Gazel” yuk mashinasi bor kishi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining hududiy bo‘limiga pasport, haydovchilik guvohnomasi va yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi bilan borib, arizasi ko‘rib chiqilgani uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdoridagi yig‘im puli va yuk ko‘tarish quvvatiga qarab 50 dollardan 100 dollargacha bo‘lgan bir yilda bir marta to‘lanadigan davlat bojini (Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha, albatta) to‘lasa bo‘ldi — besh yil amal qiladigan litsenziya tayyor. Biroq bu, yana qayd etamiz, yuk tashiydigan taksi uchun.

O‘z Matiz’i yoki Nexia’sida yo‘lovchi tashimoqchi bo‘lganlarning ishi biroz murakkab, ular boshqa tashkilot — Toshkent shahar hokimligining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentiga murojaat qiladi. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan haydovchi birorta taksi korxonasi (yuridik shaxs)ga murojaat qilib, o‘z avtomobilini shartnoma asosida (notarius orqali) shu korxonaga ijaraga berishi kerak. Shundan so‘ng avtomobil taksilar uchun xos yagona tanish belgilari bilan to‘liq jihozlanadi.

Yo‘nalishsiz taksining yagona tanish belgilari nima?

O‘zbekiston hukumatining “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yagona tanish belgilari ikkiga — tashqi va ichki ma’lumot beruvchilarga bo‘linadi. Tashqi ma’lumot beruvchi belgilar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
  • mashinaning tepasiga o‘rnatilgan to‘q sariq rangli fonarga TAXI tanish belgisini o‘rnatish;
  • shaxmat tartibida joylashtirilgan qora kvadratlardan iborat bo‘lgan kompozitsiya va mashinaning oldingi eshiklaridagi “T” harflari;
  • mashinaning oldingi eshiklaridagi taksi korxonasi (yuridik shaxs)ning nomi;
  • yo‘nalishsiz taksilar uchun mo‘ljallangan maxsus seriyadagi davlat raqami belgisi;
  • faqat Toshkent shahri uchun — mashinaning “fil suyagi” rangiga bo‘yalishi (boshqa barcha joyda avtomobil sariq rangga bo‘yaladi).
Ichki ma’lumot belgilariga esa quyidagilar kiradi:
  • old oynaning yuqoridagi o‘ng burchagiga joylashtirilgan yashil rangli chiroq;
  • mashinaning davlat raqami belgisi, haydovchining familiyasi, ismi, otasining ismi va fotosurati, ish vaqtining boshlanishi va tugashi, yo‘lkira qiymati (so‘mda), taksi korxonasining manzili va telefon raqami, litsenziya kartochkasi (varaqasi)ning raqami va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, majburiy sug‘urta qilinganlik haqidagi ma’lumot ko‘rsatilgan ma’lumotlar tablichkasi;
  • hisoblagich (taksometr);
  • belgilangan tartibda sotib olinadigan va foydalaniladigan radioaloqa vositasi.

Litsenziya uchun necha pul to‘lanishi kerak?

Taksi korxonasi besh yil muddatga litsenziya oladi (eng kam ish haqining atigi bir baravari miqdorida pul to‘lab). Lekin o‘zi ijaraga olgan (yoki ijaraga bergan) har bir avtomobil uchun bir yilga — agar mashinadagi o‘rinlar soni to‘rttagacha bo‘lsa — 75 AQSh dollari, agar to‘rt o‘rindan ko‘p bo‘lsa — 125 AQSh dollaridan davlat boji to‘laydi (Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha).

prays

Skrinshot: “Lex.uz”

Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, taksi korxonasidagi bitta avtomobil — bitta litsenziya kartochkasi, degani.

Litsenziya kartochkasi?! U nima?

Litsenziya bilan birga har bir avtotransport vositasiga litsenziya kartochkasi beriladi — taksi korxonasining har bir avtomobilida litsenziya kartochkasi bo‘lishi shart. Haydovchining litsenziya kartochkasi bilan ta’minlanmagan avtomobildan foydalangan holda olgan daromadi (foydasi) noqonuniy hisoblanadi. Yuqorida aytilgan, yuk tashiydigan “Gazel”-taksi uchun bir yilda bir marta to‘lanadigan 50 (yoki 100) dollarlik davlat boji ham litsenziya kartochkasini olish uchun kerak.

Litsenziya va litsenziya kartochkasi necha kunda beriladi?

Taksi korxonasiga litsenziya berish haqidagi qaror Toshkent shahar hokimligining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti tomonidan, ariza berilganidan keyingi 15 kun ichida qabul qilinishi kerak. Qaror qabul qilinganidan keyin 3 kun ichida taksi korxonasi xabardor qilinadi. Agar hammasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, keyingi uch oy ichida litsenziya shartnomasi imzolanadi, taksi korxonasiga litsenziya hamda litsenziya kartochkalari taqdim etiladi (litsenziya olguncha bo‘lgan munosabatlarning to‘liq sxemasini bu yerda tomosha ko‘rib chiqish mumkin).

Avtomobil transportida yo‘lovchilar hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash sxemasi.

Avtomobil transportida yo‘lovchilar hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash sxemasi.
Foto: “Lex.uz”

 

Agar taksi korxonasi yangi mashinalarni sotib olsa yoki ijaraga olsa, yana 75 (yoki 125) dollar to‘lab (esdan chiqmasin, Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha), qo‘shimcha litsenziya kartochkasini oladi.

Tuzatish: Materialning birinchi tahririda yuk tashiydigan taksi faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar Toshkent shahar hokimligining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentiga murojaat qilishi kerakligi haqida noaniq axborot berilgan edi. Mazkur noaniqlik uchun uzr so‘raymiz.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda 2 kishi ovqatdan zaharlanib vafot etdi
Mahalliy
Toshkentda avtobusning yurgan masofasiga qarab to‘lov qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Mahalliy
Aholining valyuta ayirboshlashga yoʻnaltirgan pul mablagʻlari hajmi 68 foizga oʻsdi — Markaziy bank