Buyuk britaniyalik astronavt Timoti Pik ayni paytda Xalqaro kosmik stansiyada (XKS) bo‘lgan o‘simliklar urug‘ini o‘stirishda ko‘mak so‘rab, mamlakatdagi maktab o‘quvchilariga videomurojaat yo‘lladi. Mazkur aksiya Qirollik bog‘dorchilik jamiyati va Buyuk Britaniya koinot agentligining hamkorlikdagi ilmiy loyihasi doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan, deya xabar beradi “TASS”.
Pik Yerga qaytgandan so‘ng Buyuk Britaniyaning barcha mintaqalaridagi o‘quvchilarga XKSda yetishtirilgan urug‘lar tarqatilishi mo‘ljallangan. O‘quvchilar oddiy tajriba o‘tkazishi, ya’ni ularni o‘stirib, urug‘i koinotda bo‘lib qaytgan o‘simliklar rivojlanishida farqli jihatlar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritishi lozim.
“Parvoz yakunlangandan so‘ng XKSdagi urug‘larni o‘zim bilan birga olib kelaman. Ular ilmiy tajriba doirasida minglab maktablarga yuboriladi va koinotda bo‘lmagan urug‘lar bilan birga o‘stirib ko‘riladi”, — deya ta’kidlagan astronavt.
Pikning videomurojaati Buyuk Britaniyadagi 17 mingta o‘quv muassassiga tarqatildi. Tajriba natijalari shu yil e’lon qilinishi mo‘ljallangan.
Izoh (0)