KXDRdagi navbatdagi yadroviy sinovlar O‘zbekistonda xavotir bilan qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligi bayonotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, KXDR tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi yadroviy sinovlar BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining qo‘pol ravishda buzilishidir va jahon hamjamiyatining Koreya yarimorolida tinchlik va o‘zaro ishonch munosabatlarini o‘rnatish yo‘lidagi harakatlariga zid.
Markaziy Osiyoni yadro qurolidan holi hududga aylantirish tashabbuskori sifatida O‘zbekiston Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi bitim talablariga qat’iy rioya etish lozim deb hisoblaydi.
“O‘zbekiston tomoni rasmiy Pxenyanni keskinlikni oshishiga hamda mintaqadagi va umuman jahondagi xavfsizlikka bevosita tahdid hisoblangan provokatsion harakatlarni to‘xtatishga chaqiradi”, — deyiladi agentlik axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yil 6-yanvar kuni KXDR vodorod bombasi sinovini o‘tkazdi. Mazkur sinov jahon hamjamiyati tomonidan keskin tanqid ostiga olindi.
Izoh (0)