Hindiston va Rossiya beshinchi avlod qiruvchi samolyotlarini (FGFA) yaratish ustida ishlarni davom ettirish va bu loyihaga ikki tomon ham 4 milliard dollardan sarmoya kiritishi xususida kelishib oldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Hindiston va Rossiya vakillari FGFA borasidagi o‘zaro muzokaralarda kelishuvga erishdi va ikki tomonning loyihaga qo‘shadigan ulushi 4 milliard dollargacha kamaydi. Mazkur kelishuv Su-30 samolyotlarini almashtirishi lozim bo‘lgan 250 ta beshinchi avlod qiruvchi samolyotini qurishga imkon beradi”, — deya ma’lum qilgan Hindiston mudofaa vazirligidagi manba.
2008-yilda ushbu loyihaga ikki tomon kiritadigan investitsiya 5,5 milliard dollardan bo‘lishi belgilangan, inflyatsiya hisobini olganda, hozirgi kunga kelib bu summa 6 milliard dollarni tashkil etardi. Biroq, manbaning ta’kidlashicha, Hindustan Aeronautics Ltd va “Suxoy” konstruktorlik byurosi birlashmasi loyihani 40 foiz arzon narxda, 7 yil davomida amalga oshirishga rozi bo‘lgan.
Izoh (0)