Germaniyaning MAN Truck & Bus mashinasozlik kompaniyasi O‘zbekistonni o‘z mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoriga yetkazib beruvchi eksport xabiga aylantirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Times Kuwait nashrida e’lon qilingan maqolada so‘z boradi, deya xabar bermoqda “Jahon” AA.
Xabar berishlaricha, hozirgi kunda O‘zbekiston MAN’ning yetakchi 10 bozoridan biri hisoblanadi. 2015-yilda kompaniyaning Samarqanddagi zavodi 5 minginchi yuk mashinasini ishlab chiqardi, yillik ishlab chiqarish hajmini esa 3 ming dona avtomobilga yetkazildi.
Kompaniya tomonidan O‘zbekistondagi zavodda 2015-yilda ishga tushirilgan ikki loyiha — ikki turdagi avtobuslarni ishlab chiqarish hamda yuk mashinalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yaqin istiqbol uchun rivojlanish nuqtalari sifatida ko‘rilmoqda.
Qayd etishlaricha, yaqin kelajakda O‘zbekiston avtobus ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biriga aylanadi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda yangi — MAN Lion’s CNG avtobusi sinovdan o‘tkazilmoqda.
Asosiy ustunligi past polli platformani siqilgan tabiiy gazda harakatlanish bilan uyg‘unlashtirishda bo‘lgan mazkur avtobus Bus Euro Test tanlovida “2015-yilning eng yaxshi avtobusi” deb tan olindi.
Izoh (0)