Saudiya Arabistonida norozilik namoyishlarida ishtirok etganlikda ayblanib, sud qilingan uch o‘smir yaqin vaqt ichida qatl etilishi mumkin. “Segodnya.ua” xabariga ko‘ra, qatl boshni tanasidan judo etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Xabar berishlaricha, Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan shialarga ko‘proq vakolatlar berish talabi ostida o‘tkazilgan norozilik namoyishlarida ishtirok etganlikda ayblanib, o‘limga hukm qilingan o‘smirlar orasida eng yoshi Abdulla al-Zohir bo‘lib, hibsga olingan vaqtida 15 yoshda edi.
Abdullaning ota-onasi o‘z farzandining hayotini saqlab qolish maqsadida jamoatchilikka murojaat qilgan. Sudlanuvchining otasi Hasan al-Zohir o‘g‘lining avf etilishini so‘ramoqda.
Abdullaning oila a’zolari va advokatlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘smir yigit nimaga qo‘l qo‘yayotganini bilmay, norozilik namoyishida ishtirok etgani haqidagi iqrornomaga tazyiq ostida imzo chekkan. Aynan shu hujjat unga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmiga asos bo‘lmoqda.
Izoh (0)