O‘zbekistonning Andijon viloyatida 24-noyabr, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 21:45 da yerosti silkinishlari sezildi. “12news.uz” xabariga ko‘ra, zilzila epitsentri Qirg‘izistonda bo‘lgan.
“Toshkent” markaziy seysmostansiyasidan ma’lum qilishlaricha, Andijonda zilzila kuchi 2 ballni tashkil etgan. Zilzila epitsentri Toshkentdan 350 kilometr uzoqlikda, Qirg‘iziston hududida bo‘lgan.
Yevropa—O‘rtayer dengizi seysmologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, magnitudasi 4,7 ga teng zilzila epitsentri Bishkekdan 284 kilometr, O‘shdan 57 kilometr va O‘zgandan 39 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonda epitsentri Qirg‘iziston va Afg‘onistonda bo‘lgan bir necha zilzilalar qayd etildi. Jumladan, Toshkentda 17-noyabr kuni 22:29 da 2,5—3 balli, 20-noyabr kuni 9:46 da esa 2 balli, 21-noyabr kuni 5:16 da 2 balli, 22-noyabr kuni soat 23:16 da 1—2 balli zilzilalar sezildi.
Avvalroq O‘zbekiston Seysmologiya instituti Toshkent shahrida 10 balli yer silkinishi sodir bo‘lishi haqidagi mish-mishlarni rad etib chiqqandi. Bundan tashqari, 2015-yil oxirigacha O‘zbekistonda zilzilalar haqida tezkorlik bilan ma’lumot beruvchi seysmostansiyalar tarmog‘i tashkil etilishi ma’lum qilingan.
Izoh (0)