Avstraliyaning raqobat va iste’molchilar himoyasi bo‘yicha komissiyasi 19-noyabr, payshanba kuni BG Group kompaniyasining Royal Dutch Shell Plc Britaniya-Gollandiya neft-gaz kompaniyasi tomonidan hech qanday shartlarsiz sotib olinishini ma’qulladi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.
Shunga o‘xshash qarorlar joriy yilda avvalroq Braziliya, Yevropa ittifoqi, AQSh va Janubiy Koreya tomonidan ham qabul qilingan edi.
Endi oldi-sotdi taqdiri Xitoy savdo vazirligi va Avstraliya xorijiy investitsiyalarni baholash kengashi qarorlariga bog‘liq.
Shell bosh direktori Ben van Berden so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar oldi-sotdi 2016-yil boshida yakunlanishiga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Royal Dutch Shell Britaniyaning BG Group neft-gaz kompaniyasini 70 milliard dollarga sotib olishni rejalashtirayotgani, ushbu kelishuv neft-gaz bozorida so‘nggi o‘n yilda kuzatilgan eng katta birlashuvga aylanishi xabar berilgan edi.
Izoh (0)