AQShning Google korporatsiyasi sho‘ba kompaniyasi — Google Life Sciences yurak-qon-tomir kasalliklariga qarshi kurashning zamonaviy va innovatsion uslublarini o‘rganishdan iborat ilmiy-tadqiqot loyihasida ishtirok etadi. Bu haqda 8-noyabr, yakshanba kuni Florida shtatining Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika kardiologlari assotsiatsiyasi (AKA) konferensiyasida e’lon qilindi, deya xabar beradi “TASS”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 50 million dollarga baholanmoqda. Buning yarmini AKA, qolgan yarmini esa Google moliyalashtiradi. Assotsiatsiya uchun bu ilmiy-tadqiqot loyihasiga sarflangan eng katta mablag‘ bo‘ladi.
“Yurak-qon-tomir kasalliklaridan Yer yuzida boshqa har qanday xastaliklarga qaraganda ko‘proq odamlar nobud bo‘ladi, — deya ta’kidlagan Google Life Sciences rahbari Endi Konrad. — Bu muammoni innovatsiyalar yordamida hal etish vaqti keldi. Shu paytgacha yurak kasalliklariga qarshi kurash uslublarini takomillashtirish juda sekinlik bilan amalga oshgan”.
Eslatib o‘tamiz, Google Life Sciences shu yil avgustida korporatsiyaning biotibbiyot bo‘linmasi asosida tashkil etilgan. Kompaniya tibbiy-texnologik tadqiqotlar va turli kasalliklar oldini olishga qaratilgan loyihalar ustida ishlaydi.
Izoh (0)