O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 24-sentabr kuni Makka yaqinidagi Mino vodiysida yuzlab kishilarning o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa natijasida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga zarar yetmaganini tasdiqladi. Bu haqdagi bayonot O‘zbekiston TIVning rasmiy saytida chop etildi.
“O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistoni Podshohligidagi diplomatik vakolatxonalarining ma’lumotiga ko‘ra, 2015-yil 24-sentabr kuni Makka shahri yaqinidagi Mino vodiysida kelib chiqqan fojia oqibatida halok bo‘lgan ziyoratchilar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q”, — deyiladi O‘zbekiston Respublikasi TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Mino vodiysida ziyoratchilarning to‘planib qolishi oqibatida yuzaga kelgan tiqilinch tufayli 717 kishi halok bo‘ldi, 800 dan ortiq odam jabrlandi.
Oldinroq O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati Saudiya Arabistonida o‘zbekistonlik hojilarga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi guruhga tayanib, hodisa qurbonlari va jabrlanuvchilari orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)