Rossiyaning Ussuriysk shahridagi suv toshqini natijasida Yashil oroldagi shahar hayvonot bog‘i suv ostida qoldi, bir qancha jonivorlar halok bo‘lgan. Bu haqda “Echo.msk.ru” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, tabiiy ofat natijasida ussuriyskliklarning sevimli, qo‘lga o‘rgatilgan Masyanya laqabli ayig‘i halok bo‘lgan. Bundan tashqari, echkilar suvga cho‘kib ketgani haqida xabarlar berilmoqda. Ko‘ngillilar va politsiya xodimlari qayiqda hayvonot bog‘i atrofini ko‘zdan kechirmoqda.
Ussuriysk shahar ma’muriyati matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, jonivorlar yashayotgan qafaslarning kalitlarini topib bo‘lmayapti, bog‘ direktori esa qo‘ng‘iroqlarga javob bermayapti. Hozirgi vaqtda, jonivorlarni taqdir hukmiga tashlab qo‘ygani uchun, uning ustidan jamoaviy shikoyat tayyorlanmoqda.
O‘tgan hafta davomida Ussuriyskka kamida ikki oylik yog‘ingarchilik normasi yog‘di. Tayfun natijasida yuz bergan kuchli yog‘ingarchilik natijasida odamlar orasida qurbonlar bo‘lgani yo‘q. Shaharda bir necha o‘nlab uylar va bolalar bog‘chasi suv ostida qolgan, 2,5 mingga yaqin aholi elektr ta’minotidan uzilib qolgan.
Izoh (0)