O‘zbekiston mustaqilligi arafasida ijtimoiy tarmoqlarda “Men seni sevaman, O‘zbekiston” (I Love Uzbekistan) nomli ijtimoiy aksiya o‘tkazilmoqda. Fleshmob o‘tkazish tashabbusini huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudayberdiyev o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali e’lon qilgan.
“Aziz yurtdoshlar! Keling, bir kichik ijtimoiy aksiya, aniqrog‘i fleshmob o‘tkazib ko‘ramiz. Internetda ko‘plab fleshmoblar o‘tkazilgan. Kimlardir o‘z ustidan suv quygan, kimlardir oyog‘ini osmondan qilib yurgan va h.k.
Shu o‘rinda Vatanimiz, Ona diyorimiz mustaqilligining 24 yillik to‘yiga bag‘ishlab, kichik ijtimoiy aksiya o‘tkazsak, yomon bo‘lmasdi, deb o‘yladim. Ijtimoiy aksiya ‘Men Seni sevaman, O‘zbekiston’ (I love Uzbekistan) deb nomlanadi va shartlari juda oddiy. Shunchaki, ko‘krakning chap yuqori qismida qo‘llarimiz bilan majoziy ma’nodagi yurakchani aks ettiruvchi shaklni hosil qilib rasmga tushamiz va ushbu rasmni ijtimoiy tarmoqdagi profillarimizga (Facebook, Instagram, Twitter va h.k.) joylaymiz. Bunda albatta #ILoveUzbekistan heshtegini qo‘shib yozishni unutmaymiz. Yoki kimgadir qulayroq bo‘lsa, shunchaki o‘ng qo‘lni, chap ko‘kragining ustiga qo‘yib tushsa ham bo‘laveradi.
Bunday shakldagi rasmdan katta falsafiy ma’no qidirib o‘tirmang. Shunchaki, Vatanimizga bo‘lgan muhabbatimiz bizning qalbimizda, yuragimizda ekanligini oddiy, sodda usulda aytishga harakat qilamiz xolos.
Bor-yo‘g‘i shu. Ushbu ijtimoiy aksiya yurtdoshlarimiz orasida qay darajada keng tarqaladi, bilmadim. Balkim ko‘pchilik bunga jiddiy qaramas, balki bema’nilik deb baho berar. Lekin o‘ylashimcha, Vatanimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami uchun, bir marta shunaqa rasmga tushsak, foyda bo‘lsa, bo‘ladiki, lekin ziyon qilmasa kerak”, — deb yozadi Xushnudbek.
17-avgustdan boshlangan ushbu aksiyani ijtimoiy tarmoqlarning ko‘plab o‘zbekistonlik foydalanuvchilari qo‘llab-quvvatlab, o‘z suratlarini joylashtirishda davom etmoqda.
Izoh (0)