BMTning Jenevadagi bo‘limida 3-iyul kuni Markaziy Osiyoda savdo sohasida mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha oliy darajadagi seminar bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” xabariga ko‘ra, seminar BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) tomonidan tashkil etildi.
BMT radiosining xabar berishicha, uchrashuvda Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari har bir mamlakatning milliy savdoni rivojlantirish bo‘yicha dasturi Barqaror rivojlanish maqsadlarini joriy etishga, shuningdek, Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakatlar uchun mo‘ljallangan Vena harakatlar dasturi va Savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha Jahon savdo tashkiloti bitimini amalga oshirishga qay darajada ko‘mak berishi muhokama qilindi.
Seminar natijalariga asosan BMT YeIK va boshqa manfaatdor xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyoda savdo sohasida mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan harakatlar bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlaydi.
Izoh (0)